Prezident Xalq qabulxonalari Beruniy, Shumanay, Nukus va Chimboy tumanlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilgan ommaviy qabullar platformasi Orolbo‘yining eng olis, chekka hududlari aholisi uchun o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish, rahbarlar uchun esa o‘z sohalari bo‘yicha hududdagi tizimli muammolarni aniqlash imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari har bir murojaatda aytilgan masalani shu sohaga daxldor mutasaddilar ishtirokida ochiq-oshkora, batafsil muhokama qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi mas’ullari uch kunlik qabullarda 139 ta ariza-yu shikoyatni ko‘rib chiqar ekan, ularning 78 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 3 ta shikoyat va ariza qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi, 58 ta murojaatga joyida yechim topildi. Muammosi hal bo‘lgan insonlarning o‘ylariga, his-tuyg‘ulariga, fikrlariga quloq tutib, inson nimaniki boy bersa, shuning qadriga ko‘proq yetishiga amin bo‘ldik. Aslida ham aybini tushunib yetgan, qilmishiga pushaymon odam hamisha o‘zini kechirishiga, unga yana bir imkon berilishiga umid qilib yashaydi. Ayni shu umid-ishonch qabulga boshlab kelgan insonlarning o‘zi yoki yaqinlarining murojaatlari sinchiklab o‘rganilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar, Beruniy, To‘rtko‘l, Shumanay, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Nukus, Chimboy, Kegeyli, Taxtako‘pir tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 59 ta ish ko‘rib chiqildi, ularning barchasi – 59 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Ya’ni ularga o‘z hayotini o‘nglab olishi uchun yana bir imkoniyat berildi, bu shartli ozodlikka chiqishning sharti esa bitta – boshqa jinoyat yo‘liga kirmaslik, huquqbuzarlik sodir etmaslik. Aks holda, keyingi gal beriladigan jazo yanada og‘irroq bo‘ladi.
Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy, Nukus va Chimboy tumanlari sudlaridagi sud majlislarida ko‘rib chiqilgan ishlar natijasida esa ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 44 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 5 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 1 nafar shaxsning transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi muddatidan oldin qisqartirildi.
Xorazmlik S.Saidnazarovga jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 27.07.2015 yilgi hukmi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashlik belgilangan edi. 2014 yildan buyon shu kunga qadar jazo muddatining ikkidan bir qismi, ya’ni 9 yil 6 kunini o‘tagan, o‘talmagan jazo muddati 8 yil 11 oy 24 kunni tashkil qilib, qamoq jazosini o‘tayotgan edi. Uning jazoni yengillashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi sudda ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi – qamoq jazosi axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.
Nukus tumanida yashovchi Ye.Jumabayev sodir qilgan avtohalokat bilan bog‘liq jinoyati uchun axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan edi. Uning jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasi sudda ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi 3-qismi «a» bandiga asosan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.
Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 11 ta aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi, ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlashilib, 1 ta oila yarashtirildi, 1 ta qarz undirish haqidagi fuqarolik ishi bo‘yicha taraflar o‘zaro kelishuvga erishdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi raisi va sudyasiga tashakkurnomalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri