Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi hamda ma’muriy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari malaka hay’atining raislari tomonidan onlayn qabul o‘tkazildi.

Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak. Bu elparvar tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanib, joylarda rahbarlar bilan jonli muloqotlar, sayyor va onlayn qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarni hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘otdi. Sohalarda o‘z yechimini kutib turgan qator masalalar bartaraf etilib, qulaylik yaratilgani esa muammolarni tizimli hal etish barobarida, ularga oid murojaatlarning kamayishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qabulda Xo‘jayli, Shumanay va Qonliko‘l tumanlari fuqarolarining sud-huquq sohasiga oid murojaatlari tinglandi. Masofadan o‘tkazilgan mazkur tadbir fuqarolarning vaqtini tejash bilan birga, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchilikning oldini olishga ham yordam beradi.

Shumanay tumani “Aybuyir” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi G.Qaljanova fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sud buyrug‘idan norozi ekanligini ta’kidlab, mutasaddilarga murojaat qildi. Fuqaroning kommunal to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lganligi uchun sud buyrug‘iga asosan undan undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlik Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi tomonidan nafaqa pulidan ushlab qolingan. Murojaat egasiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqi tushuntirildi.

Yana bir shumanaylik B.Sagatov jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 2018 yilgi hukmiga asosan fuqaro A.Bekbauliyevdan undirilishi lozim bo‘lgan pullarni Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilmayotganligidan norozi ekanini bildirib, A.Qurbanova esa shartnomani haqiqiy bo‘lmagani sababli bekor qilib berishni so‘rab Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisiga murojaat qildi. Ularga Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Onlayn qabul jarayonida jami olti nafar fuqaroning sud-huquq sohasiga oid murojaati tinglanib, tegishliligi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. O‘rganish uchun vaqt va muddat talab qiladigan murojaatlar sud raisi tomonidan nazoratga olindi. Muntazam o‘tkazilayotgan onlayn qabullar inson manfaatlarini ta’minlash, odamlar bilan muloqot qilish, ularning tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy ehtiyojlarni o‘rganish va mavjud muammolarni hal qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning uzviy davomidir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.