Nukusda yunon-rum, erkin kurash va ayollar kurashi bo‘yicha ilk marotaba o‘tkazilayotgan “New Uzbekistan” xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi. Mamlakatimizda sportni, shu jumladan, sport kurashlarini olimpiya sport turlari sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 29 iyuldagi “Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori sport kurashlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan, sportchi ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan joriy yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda sport kurashlari bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida respublikaning barcha hududlarida (olimpiya va xalqaro vazn toifalari bo‘yicha) yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun, o‘smirlar o‘rtasida “Uzbekistan-Grand Prix”, kattalar o‘rtasida “New Uzbekistan” xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish belgilandi.
Ushbu qaror asosida tashkil etilgan musobaqada Belorus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Qirg‘iz Respublikalaridan va mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda.
Kuni kecha yunon-rum kurashi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Bugun erkin kurash va ayollar kurashi bo‘yicha g‘oliblar ma’lum bo‘ladi. Xalqaro musobaqaning tantanali ochilish marosimida ishtirokchilarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA.