“Oila” ilmiy, ijtimoiy, gumanitar va yoshlar tashabbuslar markazining “Baxtli oila” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan ijtimoiy buyurtmalar tanlovida g‘olib bo‘lgan edi.
Nukusda ushbu loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda markaz rahbari Marat Utepbergenov yig‘ilganlarga ushbu loyihaning ahamiyati, maqsad hamda vazifalari, kelgusidagi rejalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Nukus shahrida bugungi kunda 71ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lsa, shundan 64 tasi hududida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, notinch va ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish borasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borildi. Loyihada ilgari surilgan ishlarni hamkorlikda olib borish, jumladan, oilalarni mustahkamlash, notinch oilalarda sog‘lom muhitni barqarorlashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Nukus shahar hokimligi bilan memorandum imzolandi. Shu asosda Nukus shahridagi 64 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida raislar, mahalla faollari bilan amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida yoshlarni oilaga tayyorlash mavzusida seminarlar o‘tkazildi.
Qayd etish lozimki, 2022 yilning 6 oyi mobaynida Nukus shahrida 228 ta oilaviy ajrim bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich kamaydi. Loyihani amalga oshirish davomida oilalarning buzilish sabablari o‘rganib chiqilganda, asosan, oilaviy kelishmovchiliklar, qaynona va kelin o‘rtasidagi mojarolar, yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifasini tushunmasligi, ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklardan kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. Oilalarni saqlab qolish choralari ko‘rildi. Jumladan, “Oila” markazi tomonidan 60 tadan ziyod ajrim yoqasidagi oila yarashtirildi.
–Darhaqiqat, mazkur loyiha hududimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi,–deydi Nukus shahridagi “Aq jag‘is” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Gulxan Jaqsimuratova. –Ayniqsa, oilaning muqaddasligi, undagi er-xotinning vazifalari yuzasidan o‘tkazilgan seminarlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Shuning natijasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan hududimizda oilaviy ajrimlar kamayib, ajrim yoqasidagi 4 ta oila yarashtirildi.
Tadbir yakunida loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etgan mahallalardagi xotin-qizlar faollariga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma bildirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.