Yurtimizda shu kunlarda hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli to‘qsonbosti ekinlardan piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘katlar, kashnich, petrushka, salat, rediska, karam ekish ishlari olib borilmoqda. Bu dehqon va fermer xo‘jaliklariga yaxshi foyda ham keltiradi.

– Bunday ekinlarning urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi boshlig‘i Akbar Koziyev. – Aholining sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2024 yil hosili uchun hozirdan harakatga kirishish, to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekish va agrotexnik tadbirlarni bajarish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

To‘rtko‘l tumanida kelgusi yil hosili uchun 110 gektar maydonga to‘qsonbosti ekinlari ekish ko‘zda tutilgan. Jumladan, fermer va dehqon xo‘jaliklarining 99 gektar yer maydoniga piyoz, 11 gektar maydoniga sarimsoqpiyoz ekinlarini ekish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyul kungi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2-bob “d” kichik bandida Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalaridan biri sifatida qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, akkreditatsiya sohasiga muvofiq urug‘larni sertifikatlash, urug‘ hamda ko‘chat materiallarining sifatini aniqlash va nazorat qilish ishlarini amalga oshirishi belgilangan.

Yuqoridagi qaror va normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zagroinspeksiyaning To‘rtko‘l tuman bo‘limi xodimlari hududlarda yurib, yer tayyorlash, urug‘ tanlash va boshqa tavsiyalarni bergan holda, fermer va dehqon xo‘jaliklarining to‘qsonbosti ekinlarini kechiktirmay ekish bo‘yicha belgilangan tartibda monitoring-nazorat tadbirlarini olib bormoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri