Bugun, 19 oktyabr kuni Dohada davom etayotgan shaxmat bo‘yicha “Qatar Masters Open” turnirining 8-tur bahslarida o‘zbekistonlik olti nafar shaxmatchi o‘zaro kuch sinashadi.

31 davlatning 158 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan nufuzli musobaqaning 8-turida Javohir Sindorov-Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov-Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov-Abdumalik Abdusalomovlar ro‘baro‘ kelmoqda. Ushbu janglar mamlakatimiz shaxmat ishqibozlari uchun ham, mazkur musobaqani xalqaro maydonda kuzatib borayotganlar uchun ham eng qiziqarli va e’tiborli uchrashuv sifatida yodda qolishi shubhasiz.

Kecha poyoniga yetgan 7-tur bahslarida Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Jahongir Vohidov hindistonlik Vuppalani mag‘lubiyatga uchratib, ochkolari sonini 5 taga yetkazib oldi.

8-tur ostonasida terma jamoamiz a’zolaridan aytib o‘tganimizdek, Sindorov va Yoqubboyev 5,5 ochko, Nodirbek Abdusattorov va Jahongir Vohidov 5, Shamsiddin Vohidov va Abdumalik Abdusalomov 4,5, Saidakbar Sayidaliyev 4, Muhammadali Abdurahmonov va Muhammadzohid Suyarov 3,5, Bobur Sattorov va Bahrom Bahrullayev 3, Humoyun Bekmurodov va Olmos Rahmatullayev 2,5 ochko jamg‘argan holda musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.

Bugungacha “Qatar Masters Open”da 6 nafar shaxmatchi 5,5, 11 nafari 5, 22 nafari 4,5, 32 nafari esa 4 ochokga ega bo‘lib turibdi.

Mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSH dollaridan iborat “Qatar Masters Open” xalqaro turnirining g‘olibi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 10 ming AQSH dollariga ega chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning so‘nggi 9-tur uchrashuvlari ertaga, 20 oktyabr kuni o‘tkaziladi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA