Tilga e’tibor – elga e’tibor

Til – bu xalqning tarixi, madaniy merosi, turmush tarzi, urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan bebaho xazina. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda ona tilimizni asrab-avaylash, uni yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilishi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi qoraqalpoq tili tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida chop etilgan VII ta jilddan iborat “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati” kitobining taqdimot marosimi bo‘ldi. Unda professor-o‘qituvchilar, tilshunos olimlar, mutaxassislar, nashriyot xodimlari, talaba yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi P.Dabilov, universitetning Qoraqalpoq til bilimi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Sh.Abdinazimov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Qoraqalpoq til bilimi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori A.Pirniyazova va boshqalar so‘zga chiqib, izohli lug‘atning yaratilish jarayoni, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.

“Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati” kitobi ilk marotaba 1982-1992 yillari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filiali N.Dauqarayev nomidagi Tarix, til va adabiyot instituti lug‘at va terminologiya bo‘limi tomonidan tayyorlanib,  IV ta jild nashrdan chiqarilgandi.

Jamiyat taraqqiyoti bilan til ham rivojlanib, yangi so‘zlar hisobidan boyib boradi. Jumladan, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va iqtisodiy hayotdagi o‘zgarishlar, birinchi navbatda, tilning lug‘at tarkibida o‘z aksini topadi. O‘tgan vaqt mobaynida qoraqalpoq tilida so‘zning lug‘aviy ma’nosidagi o‘zgarishlar hisobga olinsa, ushbu izohli lug‘atning yangi nashrini yaratish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etdi.

Mana shunday o‘zgarishlar asosida qoraqalpoq tilining davr talabiga javob beradigan ko‘p jildlik izohli lug‘atini yaratish  va uni nashr etish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Respublika terminologiya markazining 2019 yil 7 yanvardagi qarori bilan boshlangan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining  2021 yil 16 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan 2021-2030 yillarda qoraqalpoq tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida ko‘p jildlik izohli lug‘at kitobini tayyorlab, nashr qildirish vazifasi qo‘yildi. Mana shu asosda ushbu izohli lug‘atni yaratish ishlari boshlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar VII ta jilddan iborat “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati” kitobi to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri