Dehqonchilikning to‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi.

Qishning to‘qson kuni nazarda tutilgan bo‘lib, qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘lishida qo‘l keladi. Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan naql bejizga aytilmagan. Kuzda ekilib, qor ostida qoldirilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

Erta bahorda esa mahsulotning bozori chaqqon bo‘lishi sir emas. Ushbu masalaga hukumatimiz tomonidan ham alohida e’tibor qaratilib, aholining sog‘lom ovqatlanishi, xalqimiz dasturxoniga yil davomida har xil sabzavot mahsulotlarining yetishtirilishi kunning dolzarb masalasiga aylanmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, xususan Amudaryo tumanida ham qizg‘in ishlar olib borilmoqda.

–– Tumanda to‘qsonbosti ekinlarini yetishtirish uyushqoqlik bilan olib borilmoqda, – deydi Amudaryo tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Polvonov. – “Oqoltin”, “Xolimbeg”, “Qilichboy”, “Do‘rman” mahallalarida hududlaridagi mehnatkash fermer, dehqon va tomorqa yer egalari har qarich yeridan  samarali foydalanmoqda. Xususan, “Oqoltin” hududida 44,9 gektar to‘qsonbosti ekinlari ekish rejalashtirilgan. Hozirda 38,2 gektardagi ishlar yakunlandi.

Darhaqiqat, “Oqoltin” ovulida istiqomat qiluvchi “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibi Kamolov Qurolboy 15 sotixda manzarali daraxtlar hamda to‘qsonbosti sabzavotlar yetishtirmoqda. U yiliga 2-3 marta hosil olib, tomorqadan unumli foydalanmoqda. Shuningdek, ovulda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavotlar, poliz ekinlari suv ta’minoti va hosildorlikni hisobga olib joylashtirilmoqda.

Amudaryo tumanida suv resurslaridan unumli foydalanish maqsadida fermer xo‘jaliklari yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasidan unumli foydalanmoqda. Misol uchun, “Amir Temur” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qurbanbayeva Xonzoda” fermer xo‘jaligi rahbari Mansur Abdullayev dala maydonini artezian quduq orqali sug‘orishni yo‘lga qo‘ydi. Bu esa hosildorlikka sifatli ta’sir ko‘rsatib, paxta rejasini ortig‘i bilan tumanda birinchilardan bo‘lib bajarishga erishdi.

Qayd etish kerakki, to‘qsonbosti fermer va dehqonga kutilmagan daromad keltirishi bilan birga, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nilufar Bozorova, 

O‘zA