Ukraina Bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina payshanba kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashdi.
Uchrashuvda energiya xavfsizligini muhokama qilish uchun Ukraina – NATO kengashini chaqirish taklif qilindi.
Bu haqda Ukraina hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Stefanishina va Stoltenberg Bryusselda NATOning Vilnyusdagi sammiti qarorlari bajarilishi va Ukrainaning urush sharoitidagi favqulodda ehtiyojini muhokama qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, Vilnyus sammitida kelishilgan Kiyev va Alyans hamkorligining yangi formati bo‘lmish Ukraina – NATO kengashini eslatdi.
Shu yil iyul oyida Rossiya Qora dengiz don tashabbusidan bir tomonlama chiqib ketgach, Kengashning birinchi navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Stefanishina Ukraina Kengashga birinchi navbatda Alyans bilan integratsiya vositasi sifatida qarashini ta’kidladi va yaqin kelajakda tuzilma doirasida energiya xavfsizligi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishni taklif qildi.
O‘zA