O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “AGRO EKSIM GOLD” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Serikbay Raxmetovning boshqarmaning “Business Compass” volontyorlik klubi a’zolari hamda yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘ldi.

28 yillik tajribaga ega tadbirkor Eron texnologiyalari asosida gidroponika uslubida poliz mahsulotlarini yetishtirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Har yili issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinadi. Bugungi kunda gektaridan  250 tonnagacha mahsulot olish imkoniyati mavjud.

– Dastlabki yillari korxonada 3 nafar kishi bilan ish boshlagan bo‘lsak, bugungi kunda ularning soni 360 nafarga yetdi, asosan yoshlar va xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan, – deydi tadbirkor S.Raxmetov. –Faoliyatimni yuqori foizli kredit olib boshlaganim uchun moliyaviy masalada biroz qiyinchiliklarga duch keldim. Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishda katta imkoniyat bo‘ldi. Bugun barcha qiyinchiliklar ortda qoldi.

Ta’kidlash joizki, ayni paytda korxonada yetishtirilgan mahsulotlarning 70 foizi eksportga, 30 foizi esa ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Tajribali tadbirkor davlatimiz rahbari tomonidan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri