Qoraqalpog‘iston haqida so‘z ketganda eng avvalo ko‘z oldimizda Orol dengizining fojiali qismati gavdalanadi.

Tabiat bilan murosasiz kechgan munosabatning yakuni insoniyatni shoshirib qo‘ydi. Xayrlashishga ulgurmay qolgan odamlar dengizni bir kechada yo‘qotdi. Orol haqida yoshi kattalar to‘lqinlanib, sog‘inib eslashadi. Yoshlar esa so‘zlar, tasviriy san’at asarlari orqaligina viqorlanib to‘lib-toshgan dengiz haqida tasavvurga ega bo‘ladi.

Savitskiy ham Qoraqalpog‘istonga kelib, bu yerlarni sevib qoladi…

Sahro. Kenglik. Sho‘ralagan yer. Mard, tanti odamlar. Hali yevropalashmagan odamlar. Milliylik. San’at. Madaniyat. Kundalik hayot. Rassomning ko‘nglidagini tuymoq mumkin. Qachonki, Siz bu yerlarga kelib, balig‘idan yeb, zog‘ora nonni tayyorlayotgan onaxonning ko‘zi atrofidagi ajinni ko‘rsangiz. Qachonki, sodda qalbning bag‘rida o‘zingizni ko‘rsangiz, mehrla suhbatlashsangiz… Qachonki, jirovning mahzun kuyini tinglab, yelkangiz o‘z o‘zidan chayqala boshlasa…

Orol haqida bir opa bilan so‘zlashib qoldim. U ham men kabi musofirlardan. Xo‘o‘o‘ Buxoroning etagidan. Yoshligining eng gullagan damlari qoraqalpoq yerlarida o‘tdi. Harbiyga turmushga chiqib, erining xizmati ortidan shu yerlarga kelib qoldi. O‘qidi. Ilm qildi. Ekolog degan nomga ega diplomni u shu yerda oldi. Opa menga Ustyurt haqida so‘zladi, Sudoche ko‘liga xayolan sayohat qildirdi, jayronu, qulonlarning hayotini insonlar hayotiga qiyos etdi. Badayto‘qayning fojiali qismati… Ha, aynan fojiali qismatiga o‘kinish bildirdi. U ekolog… Tabiatni asrashga da’vati qalbimdagi nozik tuyg‘ularni uyg‘otgandek bo‘lgandi. Badayto‘qayga bormadim hali. Lekin uni asrab-avaylamoq kerak, degan xulosaga keldim.

Qirg‘ovulni sevdim. Sababini bilasizmi, nega…Chirchiqqa qop-qop jiydalar kelardi. “Qoraqalpoqniki, ol bolam”, deb sotardi kampir xolalar. Oroldan kelibdi, deb men ham tabarruk bilib, jiydani sevib yerdim. Qirg‘ovul ham jiydasevar qush ekan. O‘shanda Ollohdan bir nishon bo‘lgan menga. Kun kelib qirg‘ovullar yurti bo‘lgan qoraqalpoqqa kelishim o‘shanda ayon ekan.

Oh, Orol… Orol… Orol… Insonning achchiq qismati ba’zan ko‘zda yosh qalqitadi. Orolning fojiaviy “o‘limi”ga titradim. Na irmoq uni to‘ldira oldi, na bir ko‘l. Amudaryoning o‘zi ham bora bora kamayib borayotgan bir pallada katta Orolni to‘ldirish… Oh, qanday qilib?! Ollohning mo‘jizasini kutmoqdan boshqa chora yo‘q. Duo faqat duo… Gunohlardan yiroq bo‘lmoq kerak. Duo, ibodatgina mo‘jizaga eltishi aniq. Qo‘llar duoga ochilsagina, Orol to‘lishi muqarrar.

“Orolga bormoq istagan suvlar yetib borolmasligi qumlar och… Nam tortgan tuproq bo‘lsa edi, boshqa gap”, opa kuyib gapirdi. O‘zi Orol edi, chorasizlikdan ko‘ngli buzilgan Orol. Toshdi. Toshqin so‘zlardan men shoshib qoldim. Daftarimni izladim. Tezroq ko‘ngil o‘ylarini qog‘ozga bitmoq istadim. Men bir qalamkash… Orolga na bir foydam tegsa… Ollohdan duo so‘ramoqdan bo‘lak hech qanday yordamim tegmas.

Opaga hali yana savollarim bor. U biladi. Orolni qaytarmoq kerak.

U biladi…

Orolning qachon qaytishin biladiganday-da…

Savol nazari bilan unga qarayman. Ko‘zini olib qochishiga ishonmadim. Orol “o‘lmagan”.

Orolimni qaytar, tabiat…

Shohista ABDURAHMONOVA,  

O‘zA