Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Qavatqal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosidagi qurilish ishlariga start berildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga asosan hududlarda tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi, tegishli sohaviy tashkilotlar, mahalladagi “beshlik” vakillari, keng jamoatchilik hamda hudud faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Qishloq aholisiga shahardan kam bo‘lmagan qulayliklar yaratish maqsadida “Qavatqal’a” mahallasida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” loyihasi doirasida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Dastlab mahallada uyma-uy yurib, ko‘chalar, binolar, muassasalarda xatlov o‘tkazildi, “Yo‘l xarita”lari tuzib olindi. O‘rganishlarda aniqlangan muammolar jamlanib, har bir ko‘chada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni mas’ullar ishtirokida hal qilish choralari ko‘riladi.
“Qavatqal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida mavjud foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, shag‘allashtirish, ichki ko‘chalarni asfaltlash, 5600 metr uzunlikdagi markaziy ko‘chaga piyodalar yo‘laklari hamda tungi yoritgichlar qurish belgilandi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini binosini ta’mirlash, ichki ko‘chalarga ichimlik suvi quvurlarini tortish, 36-sonli umumta’lim maktabiga qarashli chegara hududiga panjara o‘rnatish va boshqa ishlar dastur asosida amalga oshiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri