Energiya taqchilligining oldini olish hamda aholini, ishlab chiqarish va sanoat ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida bugun yurtimizda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

“Quyosh panellari” yoki “fotoelektr manbalari” deya oxirgi paytlarda ko‘p qo‘llanilayotgan iboralar quyosh nurlarini elektr energiyasiga aylantirib, elektr stansiyalardagi energiyaning tejalishiga va sifatli elektr energiya ishlab chiqarilishiga zamin yaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining “2023 yilda  qayta  tiklanuvchi   energiya   manbalarini   va    energiya   tejovchi   texnologiyalarni   joriy   etishni  jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab jami 7 ming 107 ta ob’ektda quvvati 33 ming 818 kvt/s ga teng bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning dastlabki 8 oyi natijalariga ko‘ra, belgilangan reja qariyb 35 foizga bajarilib, 13 ming 720 kvt energiyaning quyosh paneli hisobidan ishlab chiqarilishiga erishildi.

Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bojxona organlari tomonidan kunlik monitoring qilinib, o‘rnatilgan quyosh panellari haqidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining “Yashil energiya” platformasiga kiritib borilishi ta’minlanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida Ob’ektlarda quyosh panellarining o‘rnatilish ishlarini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh a’zolari Nukus shahridagi oliy o‘quv yurtlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga  o‘rnatilgan muqobil energiya manbalarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti qoshidagi Nukus konchilik institutiga 95 kvt/soat quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda reja to‘liq bajarilgan.

Hisob-kitoblarga  ko‘ra, institutga  o‘rnatilgan quyosh  panellari  elektr  energiyasiga  sarflanadigan  yillik xarajatning 30 foizini iqtisod qilishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, oliy o‘quv yurti ehtiyojidan ortiq ishlab chiqarilgan elektr energiyasining “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda quyosh panellari ushbu tashkilot uchun nafaqat elektr energiyasi, balki qo‘shimcha daromad manbaiga ham aylanmoqda.

Nukus shahridagi davlat xususiy sherikligi asosida tashkillashtirilgan “Aral” maktabgacha ta’lim tashkiloti ham elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini quyosh nurlaridan olishni mo‘ljallamoqda. Tashkilotga 10 kvt/s quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan bo‘lsada, elektr energiyasiga ketadigan sarf-xarajatlarni maksimal darajada tejash maqsadida ushbu ijtimoiy soha ob’ekti yaqindagina soatiga 30 kvt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini yakunladi. Yillik ehtiyoji 30 Mvtni tashkil qiluvchi ushbu tashkilotning xarajatlari endilikda qayta tiklanuvchi elektr manbalari hisobiga 30-40 foizga kamayadigan bo‘ldi.

Muqobil energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha xorij tajribalari asosida  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar elektr energiyasiga nisbatan tobora ortib borayotgan ehtiyojni qanoatlantirib, energiya taqchilligining oldini olishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri