Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘ldi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.
Mustaqillik kunlarida millatimiz oydinlari xotirasini e’zozlash, xizmatlarini eslash yaxshi an’ana. Chunki ular xalqimiz ozodligi uchun, bugungidek emin-erkin kunlar uchun intilgan edi. Bu sana Vatanga fidoyilik unutilmasligini, hamisha qadrlanishini anglatadi.
Mustabid tuzum davrida yurtimizda ming-minglab odamlar qatag‘onga uchragan. Oilalari xonavayron bo‘lib, bolalari yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qirg‘in davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.
Hozirgi xiyobon shunday qatllar ijro etiladigan mudhish joy bo‘lgan. Mustaqillik yillarida u obod maskanga aylantirildi. Bu yerda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uning filiallari tashkil etildi. Ayni paytda muzeyda Turkiston ma’rifatparvarlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochilgan.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi.
– Har safar bu yerga kelib, xalqimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan jasur bobolarimizni eslab, ko‘nglimiz taskin topadi. Ularni xotirlash, ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun ham qarz, ham farz. Qatag‘on qilingan yetakchilarimizning taqdiri barchamizni mustaqilligimizni qadrlashga, uni asrab-avaylashga undaydi. Mana shunday mustaqillikda, tinchlikda yashashning o‘zi Alloh taoloning katta marhamati, ne’mati. Buning uchun shukronalik bilan, uning qadriga yetish kerak, – dedi Prezident.
1937-53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragani, ularning 13 ming nafari otib tashlangani yana bir bor yodga olindi. Afsuski, tazyiqlar bu bilan cheklanib qolmagan.
O‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab yurtdoshlarimiz adolatsizlik qurboni bo‘lgan. “Paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan respublikamiz bo‘yicha 40 ming kishi tergov qilingan, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonga yigirma besh yil rahbarlik qilgan, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Sharof Rashidov ham o‘limidan keyin siyosiy qatag‘onga uchragani alamli ekanini aytdi.
Jadid bobolarimiz hayotini o‘rganish, nohaq qatag‘onga uchragan insonlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha xayrli ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.
– Bu borada adolatni tiklash bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz. Tarixchi olimlar ishtirokida komissiyalar tuzildi, arxiv hujjatlari o‘rganilayapti. Oxirgi ikki yilda O‘zbekiston Oliy sudi 850 nafardan ziyod, bu yil 240 nafar ana shunday jabrdiyda vatandoshlarimizning nomini oqladi. Bunday izlanishlarni hech qachon to‘xtatmasligimiz kerak. Negaki haqiqatni xalqimiz bilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu davrga oid tarix yangi topilayotgan hujjatlar va ashyolar bilan boyib bormoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha “Xotira” kitoblari tayyorlandi. Ularga 40 mingga yaqin vatandoshimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi. Bu to‘plamlar yaqin vaqt ichida chop etiladi.
Prezidentimiz shular bilan birga qatag‘on qurbonlari yashagan mahallalarda ularning nomlari, faoliyatini muhrlab qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
– Muzeylar qildik, kitoblar chiqayapti, ko‘pchiligi oqlanyapti. Lekin shu bilan unutilishi kerak emas. Mening nazarimda, qatag‘on qurbonlari tug‘ilib o‘sgan yoki bugun avlodlari yashayotgan mahallada, o‘sha yerdagi maktabda ularning nomlarini yozib qo‘ysak, ham savobli, ham ibratli ish bo‘lardi. Qolaversa, mana shunday bayramlarda, xotira kunlarida xonadonlarini ziyorat qilish kerak. Nega urush qatnashchilarini uyiga boramizu, qatag‘on qurbonlarini eslamaymiz?! Ularning har birining hayoti – qahramonlik. Biz buni o‘rganib, tashviqot qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.