Hukumatning tegishli qaroriga asosan “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlarda texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, monitoring tizimini joriy qilish hamda hisob tizimini tezkor amalga oshirish, shuningdek, konlardan tabiiy gazni qazib chiqarish va uzatish texnologik jarayonlarida “E-kon” loyihasini bosqichma-bosqich tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur pilot loyihasi doirasida Sho‘rtan, Muborak va Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida umumiy 203 bosim o‘lchov, 110 harorat o‘lchov va 11 aloqa chiqaruv vositalari o‘rnatilgan. Shuningdek, sentyabr oyida “Janubiy Tandircha”, “Sho‘rtan”, “Sharqiy Berdax”, “Shimoliy Berdax”, “Dengizko‘l”, “Somontepa”, “Tegirmon” konlariga jami 666 bosim o‘lchov va 333 harorat o‘lchov vositalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “E-kon” tizimini joriy etish doirasida “muhandis-operator” lavozimini yaratish maqsadida “O‘zLITIneftgaz”AJ “NEFTGAZ-MALAKA” o‘quv markazida jami 212 nafar mutaxassis uchun 8 kunlik o‘quv seminarlari tashkil etilgan va reja-jadval asosida yakunlangan.

Shuningdek, “E-kon” loyihasida ko‘zlangan konsepsiyani amalga oshirish borasida dasturiy ta’minot ishlab chiqilmoqda. Pilot doirasida Sho‘rtan, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida o‘rnatilgan o‘lchov vositalaridan radio aloqa orqali kelayotgan ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish funksiyalari dasturiy ta’minotda test rejimida ishlatib ko‘rilmoqda.

Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sho‘rtan” konidagi 20, 24-sonli gaz yig‘uv punktlariga tegishli quduqlar ko‘rsatkichlarini onlayn dastur “E-kon” loyihasi orqali kuzatish tizimi sinov tariqasida tashkil etildi.

– Ushbu qurilmalar orqali 24 soat davomida onlayn rejimda 27 ta quduqdagi bosim va haroratni nazorat qilib boryapman, – deydi muhandis operator Orifjon Shoymardonov. –  “E-kon” tizimini joriy etilishi tan olish kerak konlar nazorati borasida muhim qadam bo‘ldi. Boisi endilikda uzog‘i bilan yarim soat ichida konlardagi muammo haqida tezkor tahliliy ma’lumotlarni jamlash va kon nazoratchilariga yetkazish imkoni yaratildi. Bu esa vaqtdan yutish va gaz sarfini me’yorida ushlab turishni ta’minlamoqda. Ilgari ushbu ishlarga 8-9 soatdan ko‘proq vaqt ketardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida 1 ming 500 ta quduqda bosim va harorat o‘lchov vositalari o‘rnatilib, “online” tarzda ma’lumot yig‘ish imkoniyati yaratiladi. 80 ta gaz yig‘uv joyida tabiiy gazni tayyorlash va uning sarfini o‘lchash qurilmalari o‘rnatiladi. Operatorlar faoliyati samaradorligini oshirish imkoniyati yaratiladi. Barcha o‘rnatilgan qurilma va o‘lchov asboblaridan olinayotgan ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqarish uchun yagona dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi.

Buning natijasida qazib chiqarish jarayonlarida inson omili aralashuvi kamaytiriladi, raqamlashtirish darajasi oshiriladi. Qazib chiqarish “online” rejimda tezkor boshqaruv ta’minlanadi. Ma’lumotlarni qayta ishlashda yangi dasturiy mahsulotlardan foydalanish ta’minlanadi. Geologik-texnik chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish orqali tabiiy gaz qazib chiqarish oshiriladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” AJ yangi quduqlarni tez fursatda va sifatli burg‘ilashda chet el korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini ham yo‘lga qo‘ydi. Xususan, jamiyatga tegishli “Sho‘rtan” konidagi 392-quduqda ayni paytda Rossiyaning “Gazpromneft” AJ kompaniyasi bilan zamonaviy texnologiya asosida burg‘ilash va raqamlashtirish bo‘yicha dastlabki   pilot loyihasi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Gazpromneft-NNG” AJ mutaxassislari ko‘magida joriy yilning 22 avgust kuni Sho‘rtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sho‘rtan” konidagi 392-sonli ekspluatatsiya qudug‘ida pilot loyiha asosida burg‘ilash ishlari boshlandi.

Ushbu quduqni burg‘ilash jarayonida tizim mutaxassislarining malakasi oshiriladi, ma’lumotlarni uzatish raqamlashtiriladi va har bir texnologik jarayonning olib borish tartibi o‘zlashtiriladi. Asosiy maqsad mahsuldor qatlamni sifatli ochish va quduqning qurilish muddatini 40 foizgacha qisqartirish.

Bundan tashqari, kompaniya bilan hamkorlikda burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

– Bevosita Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz neft-gaz tizimida favqulodda holat e’lon qilingan. Maqsad aholining kuz-qish mavsumida tabiiy gazga bo‘lgan talabini qondirish, – deydi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “O‘zburg‘ilash” kompaniyasining bosh injeneri Maqsud Jumayev. – Shu bois burg‘ilash ishlarini tezlashtirish maqsadida xorijiy kompaniyalar mutaxassislarini ham taklif etganmiz. Xususan, Rossiyaning “Gazpromneft” AJ kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda mana shu konda 22 avgustda quduqni qazishni boshlagan bo‘lsak, 3 kun ichida 700 metrdan ziyod chuqurlikkacha qazib borildi. Ulardan o‘rganadigan tajribalarimiz juda ko‘p. Qazish ishlariga yangi texnologiyalar, yangicha metodlar joriy etilmoqda. Quduqning loyihaviy chuqurligi 3 ming 100 metr hisoblanadi. Bu yura davridagi qatlamdan gaz mahsuloti olish uchun qo‘yilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 88 kun belgilangan, ammo biz xorijlik mutaxassislar yordami bilan 50 kunda tugatishni mo‘ljallayapmiz. Boshqa quduqlarimizda ham xuddi shu tartib va tezkorlik joriy qilingan.

Ta’kidlanishicha, kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJda “Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi” ham tashkil etiladi. Bunda, dastlabki bosqichda “Gazpromneft-NNG” AJ dasturiy ta’minotidan foydalangan holda quduqdagi burg‘ilash ishlari onlayn tarzda nazorat qilinadi.

Keyinchalik, bosqichma-bosqich “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli barcha burg‘ilash ob’ektlari “Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi” tomonidan to‘liq nazorat qilinishi ta’minlanadi. Dasturiy ta’minot bo‘yicha mutaxassislar malakasi oshiriladi va ish tartiblari o‘zlashtiriladi.

O‘lmas Barotov, 

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.