Koreya Respublikasi Puchon universitetida O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda birgalikda yuksalish uchun salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha global forum o‘tkazildi.

Tadbirda yuzdan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, gubernatorlar hamda mahalliy hokimlar ishtirok etdi.

Forumda Puchon universiteti prezidenti Xan Chon Sok, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin  va boshqa mutasaddilar so‘zga chiqdi.

A.Shin mamlakatimizda keyingi 6 yilda maktabgacha ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar haqida to‘xtaldi. O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining bu boradagi muvaffaqiyatli hamkorligi haqida to‘xtaldi.

Shu bilan birga, Agentlik direktori forum ishtirokchilariga Toshkent shahridagi Puchon universiteti innovatsion tipdagi oliy ta’lim muassasasiga aylanganini ta’kidladi.

— 2022 yil 14 – 16 noyabr kunlari Toshkentda Butunjahon konferensiyasini o‘tkazishdan maqsad — kichik yoshdagi bolalarga sifatli ta’lim va tarbiya berishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash edi, – dedi A.Shin. — Shuningdek, kichik bolalar bilan bog‘liq Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda a’zo mamlakatlarning yutuqlarini baholash, ilg‘or tajriba va innovatsiyalar almashinuvi, ustuvor vazifalar va strategiyalarni aniqlash, erta bolalik ta’limiga investitsiyalarni ko‘paytirishdan iborat bo‘ldi. Umid qilamanki, bu kabi maqsadlar kelgusida o‘zaro hamkorligimizning ham asosi bo‘lib xizmat qiladi.

M.Qosimova, O‘zA