Dunyoda inson uchun ikki narsa mukarram va muqaddas – biri non bo‘lsa, ikkinchisi kitob. Non inson tanasiga kuch-quvvat beradi, kitob esa ma’naviy qudrat.

Ayni kunlarda  O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan Andijon viloyatida davom etayotgan “Yangi hayot uchun. Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostidagi “Ma’naviyat festivali” ishtirokchilari bunga amin bo‘lmoqda.

Festival doirasida Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” axborot-resurs markazida Oqil Salimovning  “Yangi O‘zbekiston davlati” nomli kitobi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan  tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston” plakatlari  hamda “Yangi Mo‘ynoq” kitob – albomi  taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Akademik Oqil Salimovning yangi kitobida Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy  davlat sifatidagi  yangicha konstitutsiyaviy maqomi, ma’rifatli jamiyat barpo etish bilan bog‘liq ijodiy voqeliklar yorqin, falsafiy xulosalar hamda aniq hayotiy dalillar asosida ifoda etilgan.

“Yangi O‘zbekiston” plakatlar  to‘plamida aks etgan suratlar ezgu g‘oya va tashabbuslarning amaliy isboti bo‘ldi.

Kitobning “Ijtimoiy davlat odimlari”, “Ma’rifatli jamiyat sari”, Yangi O‘zbekiston jahon mehvarida” deb nomlangan uch qismida Yangi O‘zbekiston davri o‘zining butun ko‘lami, mazmun – mohiyati bilan butunlay yangi tipdagi hayot, nazariy – fundamental va amaliy jihatdan yangilangan  davlatchilik asoslarining yuzaga kelishi, boshqaruv tizimida ochiqlik muhitining paydo bo‘lishi va uning real voqelikka aylanishi bilan bog‘liq jarayonlar tilga olingan.

Ulug‘ maqsadlar bilan buyuk kelajak sari Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboli, qardosh qoraqalpoq xalqining azaliy qadriyatlari – Orolbo‘yining  nurafshon to‘ylari, turkiy tilli davlatlar xalqlarining yagona taqdiri, mushtarak maqsadlari, har qanday taraqqiyot xalq daholik qudratining natijasi ekani, Yangi O‘zbekistonning sivilizatsiyalashgan yangi fuqarolari shakllanishida ziyolilar oldiga qo‘yiladigan vazifalar haqida xolis va adolatli mulohazalar keltirilgan.

Muallif O‘zbekistonning eng yangi tarixida Renessans davri boshlangani, bu davr davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan boshlangan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” Konsepsiyasiga asoslanishi, ma’rifat, tafakkur va ong sarchashmasi ekani, xalqni  rozi qilish davlatchilikning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib qolganini, ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining  yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘li ekani ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

“Yangi Mo‘ynoq” kitob – albomi Mo‘ynoq tumanining kecha va buguni, tarixiy o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlariga bag‘ishlangan.

Mazkur kitob Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanining keyingi besh – olti yillikda xalqning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘rinishlari  hamda ijtimoiy – iqtisodiy, madaniy – ma’rifiy hayotidagi erishilgan natijalar, bir paytlar unutilib, e’tibordan chetda qolgan Mo‘ynoqqa bugun jo‘shqin hayot qaytganligi haqida hikoya qilinadi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov xar ikkala asar targ‘ibotchilar uchun yuksak ma’naviy  rakursdagi  manba bo‘lishini ta’kidladi.

Nuroniylar kengashi Andijon viloyati raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan  yoshlar murabbiysi O‘ktamjon Oxunov andijonlik ziyolilar, ilmu ijod ahli uchun  mazkur asarlar va plakatlar zaruriy  dasturilamal  ekani haqida  gapirdi.

O‘zbekiston xalq artisti Odinaxon G‘oziyeva, taniqli olimlar Olim Toshboyev, Feruza  Muhitdinova, Marhamat tumani “Kelajak nuri” kutubxonasi direktori Zulfira Davlatovalar esa  bugungi kunidan rozi, ertangi kuniga hayotbaxsh umidlar bilan yashayotgan  Andijon xalqini istiqlol bayrami bilan muborakbod etdi.

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, deydi dono xalqimiz. Ko‘ngildagi obodliklar ko‘ngillarga she’ru qo‘shiqlar, yaxshi niyatlar  bilan ko‘chayotgan  uchrashuvlar vodiyning  Farg‘ona, Namangan viloyatlarida davom etadi.

Sayyora  To‘ychiyeva,  

O‘zbekiston Yozuvchilar  

uyushmasi a’zosi, shoira.

O‘zA