AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi axborot xizmati rahbari Kumush Pardayeva dori vositalarining ulgurji va chakana narxlarining shakllantirilishi haqida ma’lumot berdi.

– Dori vositalari va tibbiy buyumlarning baza narxi, ulgurji va sotuv narxlarining shakllanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq belgilanadi, – dedi K.Pardayeva. – Ya’ni chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

2018 yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularning sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

Mazkur farmonga muvofiq sog‘liqni saqlash vazirining 2019 yil  12 iyundagi  buyrug‘iga asosan “Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari”ning ro‘yxati tasdiqlangan.

Shuningdek, 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rasmiy veb-saytida  ulgurji va chakana cheklangan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirilgan.

– Kompaniyamizda dori vositalarining chakana narxlariga belgilangan ustamalar mazkur dasturga kiritilgan dorining chakana referent narxidan yuqori bo‘lmasligi nazorat qilinadi, – dedi K.Pardayeva. – Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan aholini sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, sohada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, dori vositalari  narxini shakllantirishning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 26 oktyabrdagi  “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan narxlarni nazorat qiluvchi dastur ishlab chiqilgan. Iste’molchilar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalari narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi. Agar belgilangan ustamalardan ortiqcha mablag‘ olingani aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qo‘mitasiga xabar yuboriladi. Xarid cheki bo‘yicha narx dori vositasining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, huquqbuzardan jarima undiriladi.

Xarid chekida sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarning to‘liq miqdorda ko‘rsatilmasligi savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish sifatida e’tirof etiladi.

– Kompaniyamizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana narxlari belgilangach, mutaxassislar tomonidan kompaniyamizning “M-Apteka+” dasturiga kiritiladi, – dedi K.Pardayeva. – Ushbu dasturga kompaniyaga qarashli dorixona tarmoqlaridagi barcha kompyuterlar ulangan. Shuningdek, dasturda dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana ustamalariga qonun doirasida cheklov qo‘yilgan. Bu o‘z navbatida dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana narxlarini sun’iy ravishda oshirilishining oldini oladi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA