Bugun, 22 avgust kuni O‘zbekistonning ikkita futbol klubi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi yo‘llanmasi uchun Qatar chempionati vakillari bilan kuch sinashadi.
Namanganning “Navbahor” jamoasi “Al-Vakra” mehmoni bo‘lsa, Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi Olmaliqning OKMK jamoasi “Al-Arabi”ga qarshi maydonga tushadi.
Osiyo chempionlar ligasi musobaqasi nizomiga muvofiq, uchrashuv oldidan har ikki jamoaning bosh murabbiylari va bir nafar futbolchi ishtirokida matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tdi.
«Al-Arabi» — OKMK uchrashuvidan oldin tashkillashtirilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Mirjalol Qosimov jahon chempionati uchrashuvlari o‘tgan stadionda o‘ynash futbolchilar uchun yoqimli ekanligini ta’kidlab, tarkibida kuchli legionerlar harakat qilayotgan “Al-Arabi” bilan bahsda ko‘proq hujumga e’tibor qaratilishini bildirib o‘tdi.
“Al-Vakra” hamda “Navbahor” o‘rtasidagi o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qatnashgan “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan uchrashuvning muhimligi haqida so‘z yuritdi.
–Osiyo chempionlar ligasida o‘ynash katta mas’uliyat. Bu “Navbahor”ning OCHLdagi dastlabki ishtiroki. Maqsadimiz albatta, kerakli natijaga erishish. Kuchli jamoa bilan to‘qnash kelyapmiz. “Al-Vakra” tarkibi kuchli futbolchilardan iborat. Bu jamoada bir necha terma jamoalarning futbolchilari yig‘ilgan. Biroq ularning kuchsiz tomonlari ham bor. Bu haqda hozir gapira olmayman, ammo uchrashuvda kerakli natija qayd etish uchun nima qilishimiz kerakligini yaxshi bilamiz, – dedi “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, “Al-Vakra” (Qatar) — “Navbahor” (O‘zbekiston) uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan 20:30 da boshlansa, Al-Arabi” (Qatar) — OKMK (O‘zbekiston) uchrashuvi soat 22:30 da start oladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA