Xiva shahridagi “Ichan qal’a” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari o‘rtasida Mudofaa vaziri kubogi uchun kurash hamda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida sportning dzyudo turi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
“Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘tkazilgan kurash musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xorazm viloyati IIB, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi boshqarmalari hamda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari harbiy xizmatchilari 7 ta vazn toifasida kuch sinashdi.
Shuningdek, dzyudo bo‘yicha Mudofaa vazirligi musobaqasida vazirlik qo‘shinlarining harbiy okruglari, birlashma, oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda markazga bo‘ysinuvchi harbiy qismlardan iborat 15 ta jamoaning 105 nafar a’zosi 7 vazn toifasida bellashdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari San’atbek Salayev, Mudofaa vazirligi jismoniy tayyorgarlik va sport katta inspektori polkovnik Avaz Azimov, kuch tuzilmalari vakillari, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston kurash federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar jahon sport maydonlarida dovrug‘ va shuhrat qozonayotgan, millionlarni o‘ziga mahliyo etayotgan milliy kurash ma’naviy qadriyatlarimizdan biri sifatida o‘zining chuqur tarixiy ildizlariga ega ekanligini ta’kidladi.
Murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqalar katta sportga kirib kelayotgan yosh va umidli sportchilar va yuksak natijalarga erishgan mahoratli polvonlarga o‘zaro tajriba almashish, o‘z kuch va imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazishga imkon yaratdi.
Kurash bo‘yicha Mudofaa vaziri kubogi uchun kechgan bahslar yakunida 1-o‘rin O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasiga nasib etdi. Ushbu jamoa Mudofaa vaziri kubogi bilan taqdirlandi. 2-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi egalladi. 3-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasiga tegishli bo‘ldi.
Dzyudo bellashuvlarida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug va Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonliklari egalladi. Ikkinchi pog‘onadan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi va kuchli uchlikdan Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi sportchilari joy oldi.
Musobaqalarda g‘olib va sovrindor jamoalar hamda sportchilar Mudofaa vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan medal, diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA