Yosh chempionlar yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytdi

Tailandda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bitta oltin, to‘rtta kumush va uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoamizni tegishli tashkilot va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali kutib oldi.

Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.

2bc4f144-13e9-4648-bd85-3e88ccd5ae34.jpg

Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan qit’a chempionatida o‘ttiz davlatdan ikki yuzdan ziyod charm qo‘lqop ustasi sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi.

Iqtidorli sportchimiz Abdumalik Xalokov vazni 56 kilogrammdan ortiq bo‘lgan bokschilar bahsida raqiblarini katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

3.jpg

15.jpg
– G‘alabam sharafiga davlatimiz madhiyasi yangrab, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketdim, – deydi Osiyo chempioni A.Xalokov. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.

Osiyo chempionatida sportchilarimizdan o‘z vazn toifalarida Samandar Xolmurodov, Temur Merjanov, Javohir Tog‘aymurodov va Jamshidbek Mahmadaliyev kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Jahongir Rahmonov, Navo Tamazov va Mahliyo Rahimova terma jamoamizga bronza medallarni keltirdi.

 

J.Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA