O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda hududiy futbol assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda davlatimiz rahbarining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida hududiy futbol assotsiatsiyalari, futbol maktablari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, turli yosh toifasidagi hududiy terma jamoalar o‘quv-mashg‘ulot markazlarini FIFA talablariga muvofiq barpo etish haqida so‘z yuritildi.
Har bir tuman va shaharda kamida bittadan erkaklar, ayollar futboli va futzal bo‘yicha jamoalar tashkil etish hamda ularning musobaqalarda muntazam ishtirokini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida mintaqaviy futbol markazlarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Faxriylar o‘rtasida 2023 yil davomida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish hamda umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida futbol musobaqalarini tashkil etish bilan bog‘liq bir qator vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida hududiy futbol assotsiatsiyalari vakillarining taklif va hisobotlari tinglanib, zarur qarorlar qabul qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA