Poytaxtimizdagi 110-maktabda umumta’lim maktablari tabiiy fanlar o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshirish maqsadida o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Innovatsiya, texnologiya va strategiyalar markazi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Fulbright visiting scholar Program hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda Toshkent shahri va viloyatidan Steam-ta’limni joriy qilish uchun saralab olingan 60 nafarga yaqin maktab o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.
Uchrashuvning birinchi ish kunida Innovatsiya, texnologiya va strategiyalar markazi hamda horijiy mutaxassislar hamkorligida ishlab chiqilgan “Pedagogik mahorat va ta’lim texnologiyalari” uslubiy qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qo‘llanmada PhET, Nearpod i Kahoot kabi ta’lim ilovalaridan foydalangan holda o‘quv jarayonini samarali tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ushbu ilovalar yordamida tanlangan mavzular bo‘yicha interfaol, mutaqil ishlar, dars rejalari va taqdimotlari, matnlar, viktorinalar, videokontentlar tuzish, tarqatma materiallar ishlab chiqish yoki dars jarayonida tayyor o‘quv resurslari sifatida foydalanish mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizning boshqa viloyatlaridagi maktab o‘qituvchilari uchun ham bunday o‘quv seminarlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA