Bugungi globallashuv zamonida texnologiyalar qanchalik odimlamasin, kitobxonlik, xususan, adabiyotning kelajagi haqida turli bashoratlar o‘rtaga tashlanmasin, baribir jamiyatning “yurak urishi” aksar hollarda adabiyot degan mezon orqali aniqlanadi. Xo‘sh, ayni zamonda o‘zbek adabiy muhiti qay holatda, yozilayotgan asarlar saviyasi qanday baholanmoqda?

“Tashrif” dasturining bugungi sonida adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov bilan birgalikda ana shu savollarga javob izlaymiz.

– Domla, siz bilan musaffo osmon ostida, mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami arafasida suhbatlashib turibmiz. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ijod ahli uchun qabul qilinayotgan muhim qaror va farmoyishlar adabiyot va ma’naviyatimizni yuksaltirishda yangi davrni boshlab berdi. Ijod qilaman deguvchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo, shunday emasmi?

– Davlatimiz rahbari xalqni rozi qilish, odamlarning dardini eshitish, muammolarini bartaraf etish bilan birga, ma’naviyat, adabiyot va san’atga katta e’tibor ko‘rsatayotgani quvonarli. Jumladan, yaqinda o‘zbek adabiyoti namunalarining 300 jildligi nashr etilishi kutilmoqda. Bir zamonlar ijod ahli uchun orzu bo‘lgan ushbu loyiha milliy adabiyotimizning nechog‘liq boy ekanining isbotidir. Haqiqatan, bizning muazzam va ulug‘ adabiyotimiz bor. Bu yirik loyiha bo‘yicha ishchi guruh qizg‘in faoliyat olib borayotir.

Poytaxt markazidagi Milliy bog‘da barpo etilgan “Adiblar xiyoboni”ni adabiyotimizning tashrif qog‘ozi desak, mubolag‘a emas. Ko‘rkam bog‘dagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosini ko‘rgan xorijlik shoiru adiblar o‘zgacha havas, chuqur hurmat bilan e’tirof etayotir. Atoqli adiblarimizning yubiley sanalari keng nishonlanib, ularga ehtirom ko‘rsatilmoqda. Iste’dodli yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari davlat hisobidan ko‘p ming nusxalarda nashr etilib, ta’lim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda.

Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi izchil ishlar o‘z samarasini berayotir. Ayniqsa, qardosh xalqlarning buyuk adiblari ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish, tavallud kunlarini nishonlash bo‘yicha muhim hujjatlar qabul qilinishi xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Turkiy xalqlar adabiyotining 100 jildligi O‘zbekistonda nashr etilganida ham katta ramziy ma’no bor.

Zero, buyuk Cohibqiron Amir Temur bobomiz aytganidek: “Biz millatlarning eng qadimiysi bo‘lgan turkning bosh bo‘g‘inimiz”.

– Shukur Xolmirzayev o‘z kundaliklarida “Adabiyotning o‘suvi – millatning o‘suviga garov va millat kamolini ko‘rsatuvchi oyna”, deb yozgan edi. Ayting-chi, milliy til yuksalishi, ravnaq topishida bu tilda yaratilgan adabiyotning saviyasi qanday o‘rin tutadi?

– Adabiyot — tilning badiiy voqelanishi. Tilning butun sehr-jozibasi, latofati, hatto nuqsi ham shu tilda yaratilgan badiiy asarda namoyon bo‘ladi. Ijod ahli zimmasidagi vazifa shuning uchun ham behad og‘ir. Qo‘liga qalam olgan odam bitiklari buyuk bir millat adabiyotiga munosib bo‘lishiga intilmog‘i zarur. Bugun “sariq matbuot” o‘ziga o‘xshagan xazon rang adabiyotni “tug‘di”. Uning tili g‘aliz, mavzusi oldi-qochdi, muddaosi esa — “og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tmoqdir”. “Sariq adabiyot”ning a’moli — adabsizlik. Shu bois unga oid “asar”larda ikki jins munosabatidagi hazrat Navoiyday zot “zikri tarki adab va bayoni behijobliqqa sabab” deb hisoblagan jihatlar ham yuzsizlarcha targ‘ib etilaveradi. Shu sababdan odamkushlik, zo‘ravonlik, qotillikning yalang‘och tasviri bu “adabiyot”ning asosiy ob’ektiga aylangan. Bu turdagi “asar”lar milliy ma’naviyatga katta xavf tug‘diradi. Azaliy axloqiy qadriyatlar tanazzuliga sabab bo‘ladi. Adabiy-estetik didni o‘tmaslashtiradi, tafakkurni o‘ldiradi.

Ushbu fikrlar isboti uchun “sariq adabiyot” namunalaridan istagancha misol keltirish, ularni tahlil qilish mumkin. Biroq ular bunday e’tiborga munosib emas, tanqiddan tubandir. Buning o‘rniga milliy adabiyotimizning sara asarlari haqida fikr yuritmoq afzalroq.

Agar til quyoshga tashbeh etilsa, adabiyot nurga mengzaladi. Chunki Abdulhamid Cho‘lpon aytganidek adabiyot “o‘tkir yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi”.

Shu bois ham u ruhni yuksaltiradi, didni o‘tkirlashtiradi, shuurlarga yorug‘lik bag‘ishlaydi. Faqat adabiyotgina insonni jaholat girdobidan xalos etib, ma’rifat maqomiga olib borishga qodir. Lekin buning muhim bir sharti bor: uning tilida fasohat va balog‘at bo‘lmog‘i zarur.

Ustoz Abdulla Orif ta’biri bilan aytganda, “…chinakam adabiyot, she’riyat namunasi betakror mazmun, go‘zal tashbeh, sirli ruh mutanosibligidan yuzaga keladi. Uning o‘quvchini butunlay o‘zga olamga olib kirishi, kitobxon tuyg‘ulariga kuchli ta’sir etishi sababi shunda”. Jahonning mashhur adiblaridan birining diqqatga sazovor e’tirofi bor: “Matematika, fizika, umuman, tabiiy fanlar bir ilm odamini yetishtirmog‘i mumkin. Chinakam vatanparvarni esa adabiyot tarbiyalaydi”. Shunday ekan, millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.

– Ayrim ijodkorlar “bozor adabiyoti”, “ko‘cha adabiyoti namunalari”ni tanqid o‘z tig‘iga olishi kerak, deydi. “Tanqiddan tuban” deb qaraladigan bunday kitoblarning ma’nisizligini tahlil qilib, dalillab, asoslab berish tanqidchilikning vazifalari sirasiga kiradimi? Umuman, “o‘zbek adabiy tanqidi susaydi”, “tanqidchilar mudrab qolgan”, “tanqid o‘lgan”, degan gaplarga qanday qaraysiz?

– Adabiyot har doim barhayot bo‘lgani kabi tanqid ham hech qachon o‘lmaydi. Faqat uning shakli, faoliyat miqyosi hamda ifoda va qamrov yo‘sini o‘zgarishi mumkin. Ustoz munaqqid Ibrohim G‘afurov: “Yangi zamonda tanqid o‘rnini tadqiqot egallaydi”, deb yozar ekan, bu fikrda jiddiy asos bor. Hozirgi vaziyat shuni taqozo etayotir. Lekin tanqid boshqa, tadqiqot boshqa. Tanqidda tadqiqot bo‘lishi yaxshi, bu uning ishontirish quvvatini oshiradi. Lekin adabiy tanqidning yetakchi belgisi sanalgan ijtimoiy hayot sari yo‘nalganlik, joriy milliy voqelikka bog‘liqlik tadqiqotga xos emas. Agar yuqorida aytilganidek, adabiy jarayon zamonaviy voqelikka yuz bursa, ijodkorlarimiz xalq ichiga kirib borsa, zamonamiz qahramonlarining chinakam badiiy obrazlari yaratila boshlansa, adabiy tanqid ham o‘z mavqeini yanada oshirishi mumkin. Siz ta’kidlagan “bozor adabiyoti”ning tom ma’noda badiiy adabiyotga, badiiy ijodga aloqasi yo‘q. Bu toifa kitoblarning tanqid tig‘iga olinishi bugungi davr ta’biri bilan aytganda, ularning reklamasiga xizmat qiladi. Bunda tanqid “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishi” mumkin. Demak, ularning ma’nisizligini tahlil qilib, dalillab, asoslab berish tanqidchilikning faoliyat doirasiga kirmaydi, desam, ajablanmang. Agar shunday qilinadigan bo‘lsa, sanoyi’i nafisa – badiiy adabiyot ularni o‘ziga teng ko‘rgan va bunday amal ular uchun targ‘ibot vazifasini o‘tashi mumkin. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Suhbatning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.

O‘tkir ALIMOV, Nishonboy ABDUVOITOV (tasvirchi), O‘zA