AOKAda o‘tkazilgan brifingda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda alimentga oid undiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

— Ta’kidlash joizki, ota-onalarning o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqishi hamda har tomonlama kamol topishi uchun g‘amxo‘rlik qilishlari muhim masalalardan biri hisoblanadi, — dedi F.Toshpo‘latov. — Bugungi kunda ham aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ta’kidlanishicha, Byuro organlari ish yurituvida 300 mingga yaqin  aliment va moddiy ta’minot undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, har bir davlat ijrochisiga oyiga o‘rtacha 115 tadan shu toifadagi ijro hujjatlari to‘g‘ri kelmoqda.

Qarzdorlikni to‘lash istagida bo‘lgan, ish o‘rniga ega bo‘lmagan 19 mingdan ortiq aliment to‘lovchining bandlik masalasi hal etildi va undiruv ularning ish haqlariga qaratildi.

Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1,2 trln. so‘mlik aliment pullari undirildi.

Shu bilan birga, 3,7 mlrd. so‘mlik (25 ta) uy-joy va 255 mln. so‘mlik (2 ta) transport vositasining aliment uchun  oldindan to‘lov sifatida berilishi ta’minlandi.

E’tiborlisi, aliment mablag‘larini o‘z ixtiyori bilan to‘lab kelayotgan fuqarolar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,6 foizga oshdi.

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 10,9 mlrd. so‘m pul mablag‘lari 781 nafar undiruvchi hisobiga o‘tkazib berildi. Bu esa, mingdan ortiq voyaga yetmaganlarning moddiy ta’minotiga qo‘shimcha imkoniyat yaratdi.

O‘zA