Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasi sport bazasida uch kun davomida turli yosh toifalarida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
Unda hududlardan tashrif buyurgan ming nafarga yaqin sportchilar ishtirok etdi. Sportning ushbu turini yanada rivojlantirish, musobaqalarning tizimli ravishda o‘tkazilishi yoshlarni sport to‘garaklari, seksiya va to‘garaklarga keng jalb etish bilan birga iqtidorli sportchilarni aniqlash va saralashga xizmat qilmoqda.
Musobaqaning har bir kuni shiddatli va murosasiz janglarga boy bo‘lib, ringga respublika huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat professional jamoalar bilan bir qatorda yosh havaskor sportchilar ham chiqdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasida 1-o‘rinni Jizzax viloyati, 2-o‘rinni Navoiy viloyati, 3-o‘rinni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasi egalladi.
Kattalar o‘rtasida 1-o‘rinni Ichki ishlar vazirligi, 2-o‘rinni Milliy gvardiya va 3-o‘rinni Andijon viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA