Xabar berganimizdek, shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Bokuda shaxmat bo‘yicha jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Kecha, 9 avgust kuni nufuzli musobaqaning 4-bosqich o‘yinlari ilk bahslari o‘tkazildi.

Jahon kubogining ilk bosqichlarida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Deng Kipriano Reanni, undan keyin avstriyalik Markus Raggerni, 3-bosqichda jahon kubogini 2-bosqichdan boshlagan fransiyalik Maksim Vashe-Lagravni dog‘da qoldirgan Javohir 4-bosqichda dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri bo‘lishga da’vogarlik qilayotgan hindistonlik Arjun Erigaisiga ro‘baro‘ keladigan bo‘ldi.

Jahon kubogining 1/16 final musobaqasi bo‘lgan bahsda Javohir Arjunga qarshi qora donalarda harakatlandi. Murakkab ruhiy kurash ostida o‘tgan o‘yinda hamyurtimiz chinakamiga mahoratini namoyish etdi va g‘alabaga teng durangga erishdi.

Bugun, 10 avgust kuni ushbu bosqichning 2-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Unda Sindorov oq donalarda harakatlanadi. Sindorov-Arjun qarama-qarshiligida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi musobaqaning 1/8 finalida ispaniyalik Xayme Santos Latas va shvetsiyalik Nils Grandelius qarama-qarshiligi kuchlisi bilan duch keladi.

Kecha o‘tkazilgan 4-bosqich 1-tur o‘yinida qora donalarda o‘ynagan Nils Grandelius Xayme Santos Latasni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Ular ham bugun so‘nggi uchrashuvni o‘tkazadi. Agar har ikki uchrashuvda durang holati ro‘y bersa, 1/8 final ishtirokchilari 11 avgust kuni o‘tadigan tay-brek bahsida aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Boku musobaqasida uchta sovrinli o‘rinni egallaganlar 2024 yili shaxmat toji uchun kurashadiganlar qatoriga kiritiladi. 24 avgustga qadar davom etadigan jahon kubogida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 111 ming, 2-o‘rin sohibi 80 ming, 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchilar 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA