Samarqand shahrida joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha “Shallyengye Samarkand” xalqaro musobaqasi va O‘zbekiston chempionati (sprint) o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan bugun musobaqani o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov va O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun ishtirok etib, musobaqaning tashkiliy ishlari bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini mutasaddilar ishtirokida muhokama qildi. Yig‘ilishda nufuzli musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tezkor shtabga biriktirilgan tashkilot va muassasalar mas’ul xodimlari bajarilgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 10-11 iyun kunlari Samarqandda “2023 Asia Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi va O‘zbekiston chempionati o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda ushbu musobaqalar davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilingan holda kelgusi musobaqalarni xato-kamchiliklarsiz o‘tkazish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Asosiy e’tibor, musobaqa o‘tkazilishi belgilangan yo‘nalishlarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratildi. Yo‘nalishda transport vositalari harakatini cheklash, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, asosiy musobaqalar o‘tkaziladigan Samarqand eshkak eshish kanali, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ham mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA