1-Stendap

O‘yinlar dasturidagi o‘q otish musobaqasi kattalar va o‘smirlar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimiz terma jamoasi Belarusga faqat o‘smirlar bilan kelgan: 3 nafar o‘g‘il bola, 1 nafar qiz. Kecha sportchilarimizning barchasi o‘z ishtirokini yakunladi. Yagona qizimiz Gulbonu Qambarbekova pnevmatik miltiqda 10 metr masofadan o‘q uzish mashqida saralashdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati Qibray tumani bo‘limi tarbiyalanuvchisi hisoblangan bu sportchimiz birinchi bosqichda 20 nafar da’vogar orasida jami 618 ball to‘plab, 8-o‘rindan finalga yo‘l oldi. Eng kuchli guruhda medallar uchun bahs olib borgan Gulbonu yakunda 6-o‘rin bilan kifoyalandi.

Qolgan 3 vakilimiz – Umidbek Kamolbekov, Sodiqjon Abdullayev va Ilhombek Obidjonov pnevmatik to‘pponchadan nishonni ko‘zlash bo‘yicha qatnashdi. Hammasi bo‘lib 29 nafar sportchi bilan boshlangan saralash bahsidan so‘ng poytaxtlik Umidbek Kamolbekov yetarli ball yig‘a olmay, kurashni tark etdi. Namangan viloyatidan terma jamoaga jalb etilgan Osiyo chempionati sovrindori Sodiqjon Abdullayev va yetakchi merganlarimizdan biri, jahon kubogi sovrindori Ilhombek Obidjonov 29 sportchi orasida birinchi davra to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tdi.

2-stendap

Vakillarimiz saralashda ketma-ket 4-5-o‘rinlarni egallagan holda, hal qiluvchi bosqichga chiqdi. Ta’kidlash joiz, o‘zbekistonlik o‘q otuvchilar eng kuchli 8 nafar sportchi orasida ham munosib natija ko‘rsatishdi. Juda keskin va murosasiz raboqat so‘ngida Belarus va Rossiyaning 2 vakilidan keyin, Obidjonov to‘rtinchi, Abdullayev esa 5-o‘rinni band qilishdi. O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi yetakchilarga munosib qarshilik ko‘rsatishi, ikki merganimiz so‘ngggi soniyalargacha bronza medal uchun kurashgani zoye ketmadi.

Vakillarimiz birgalikda 3-eng yuqori natijani qayd etishdi. Shu tariqa O‘zbekiston umumjamoa hisobida II MDH sport o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzish musobaqasi bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

G‘ayrat Xonnazarov,

Yoqubjon Meliboyev (surat, video), O‘zA

Minsk, Belarus