Birlashgan Arab Amirliklarining rasmiy axborot agentligi “WAM“ o‘z sahifasida O‘zbekiston sporti, paralimpiya harakati, xususan 2025 yili Toshkentda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qilindi.

Maqolada Majid Al-Osaimi boshchiligidagi Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyasining Toshkentga tashrifi samarali kechgani, safar davomida O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev bilan o‘tkazgan uchrashuvlari hamda 2025 yilda Toshkentda Para Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etilgan. Kelishuvga binoan, mazkur Para Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 mamlakatidan mingga yaqin sportchi o‘smirlar 11 ta para sport turlarida kurash olib borishi belgilandi.

Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi rahbari Al-Osaimiy “Toshkent-2025″ Markaziy Osiyoda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi birinchi paralimpiya o‘yinlari ekanligini ta’kidlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan. U o‘tgan yillar davomida o‘zbek paralimpiya harakatining rivojlanishi yangi bosqichga chiqqanini, O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan davr mobaynida turli o‘yinlarda erishgan ijobiy natijalarini yuqori baholadi.

Parijda yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekistonning matonatli va irodali para sportchilari o‘z tarixida birinchi marta Osiyoda Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani mamlakatda jismoniy tarbiya va sport harakati misli ko‘rilmagan yuksalishga erishganining yorqin dalili ekani maqolada aniq raqamlarda keltirib o‘tilgan.

Bundan tashqari, “WAM“ axborot agentligi sahifasidagi maqolada mamlakatimiz sportchilarining “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi borasida iliq fikrlar bildirilib, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi “Toshkent-2025” o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish borasida O‘zbekiston sport harakati bilan hamkorlik qilayotganidan mamnunligini izhor qilgan.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA