Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida shaxmat bo‘yicha jahon kubogi bahslari davom etmoqda.
Kecha musobaqa 1/64 final bosqich o‘yinlarining ilk tur bahslari bo‘lib o‘tdi.
Shiddatli va o‘ziga xos ruhiy bosim ostida kechgan bahslarda shaxmatchilarimiz murosa yo‘lini tanladi. Oq donalarda harakatlangan Nodirbek Abdusattorov turkiyalik Vexap Sanal bilan (0,5 : 0:5) durang qayd etgan bo‘lsa, Javohir Sindorov — Markus Ragger (Avstriya) o‘rtasidagi bahsda ham shu holat takrorlandi — 0,5 : 0:5.
Uchinchi shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev vengriyalik Benjamin Gledura bilan qora donalarda kuch sinashdi. Hamyurtimiz uchrashuvni qora donalarda o‘tkazgan bo‘lsa-da, durangga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugun, 3 avgust kuni ushbu turning 2-bosqich musobaqalarida Abdusattorov va Sindorov bahslarni qora donalarda o‘tkazsa, Nodirbek Yoqubboyev oq donalarda Benjaminga qarshi harakatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bitta raund bahslari uch kungacha davom etishi mumkin. Agar o‘tgan 2 kun (2 ta partiya) yakuniga ko‘ra g‘olib aniqlanmasa, 3-kunda tay-brek o‘ynaladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA