Bugun, 1 avgust kuni poytaxtimizda Osiyo va Okeaniya davlatlarining yosh xokkeychilari uchun xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlanmoqda.

Osiyo Olimpiya kengashi, Xalqaro xokkey federatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur yig‘inda 31 ta davlatning 16 yoshgacha bo‘lgan 150 nafarga yaqin yosh xokkeychilari ishtirok etmoqda.

Kelasi yil o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan mashg‘ulotlar 7 avgustga qadar davom etadi.

—O‘zbekiston yirik sport musobaqalari markaziga aylanib bormoqda. Xususan, qishki sport turlari rivojiga alohida e’tibor berilayotgani yaratilgan shart-sharoitlarda o‘z aksini topgan. Bir haftalik o‘quv-mashg‘ulotlar yosh xokkeychilarda qishki sport turlariga bo‘lgan mehrni yanada oshiradi, — dedi Osiyo olimpiya kengashining sportchilarni rivojlantirish va maxsus loyihalar bo‘limi rahbari Toni Tarraf.

Aytish lozim, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Bahrayn, Yangi Zelandiya, Xitoy Taypeyi, Gonkong, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Quvayt, Livan, Makao, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Ummon, Filippin, Qatar, Singapur, Tailand, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Vetnam kabi davlatlarning vakillari shu kunlarda Toshkentdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashish uchun poytaxtimizda jam bo‘lgan.

Yurtimizda ilk bor yosh xokkeychilar uchun tashkil etilayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini har jihatdan yuqori saviyada o‘tkazish, xorijlik sport jamoalariga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tomonidan maxsus dastur ishlab chiqildi. Zarur ishlar amalga oshirildi.

– Yurtimizda nufuzli xalqaro sport tadbirlarining o‘tkazilishi yildan-yilga an’ana tusini olmoqda. Bu, O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tibori yuksalayotganidan dalolat bo‘lishi bilan mamlakatimiz dunyo sportining markazlaridan biriga aylanayotganining amaliy ifodasi hamdir. Bugungacha Osiyo olimpiya kengashi, Xalqaro xokkey federatsiyasi hamda 30 dan ziyod davlatlarning vakillari, xalqaro ekspertlar yurtimizga yetib keldi. Shu o‘rinda aytishim lozim, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda xokkeyning, umuman qishki sport turlarini rivojlantirishning xalqaro talablarga javob beradigan infratuzilmasi yaratildi. Boshlanayotgan o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashadigan qit’a yoshlari orasidan kelgusida jahon tan oladigan kuchli sportchilar yetishib chiqishi shubhasiz. Aynan ularning xalqaro darajada yuksalishiga Toshkent mashg‘ulotlari poydevor bo‘lib qolsa ajab emas, – deydi O‘zbekiston xokkey federatsiyasi bosh kotibi Elbek Mahmudov.

Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Xalqaro xokkey federatsiyasi boshqaruv kengashining sportni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Xarald Springfild boshchiligidagi 9 nafar instruktor nazorat qilib borishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xokkey bayramining tantanali ochilish marosimi bugun poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyida bo‘lib o‘tadi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA