FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Manzura Masharipova yolg‘iz ayol, bir farzandi bor. Yelib-yugurib topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi, bir-ikki so‘m pul to‘plab, uy ko‘taray desa, osmon uzoq, yer qattiqlik qiladi.
Shunday kunlarning birida mahalla va tuman hokimligidan vakillar kelib, uning yashash sharoitini o‘rgandilar, dardini tingladilar. Ularning bu tashrifidan Manzura, ochig‘i, unchalik ko‘p narsa kutmadi. “Keldi, yozishdi, ketishdi-da doimgidek”, – ko‘nglidan o‘tkazib umidsiz ortlaridan qarab qoldi ayol. Yo‘q, yanglishgan ekan. Tez orada unga barcha qulayliklarga ega ikki xonali uy qurib berishlarini aytishdi va qurilish ham boshlab yuborildi.
Tumandagi “Tezkor maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Manzura Masharipova va uning o‘g‘li uchun yangi uy qurish ishlari yaqin kunlarda yakuniga yetib qoladi. Hozirda so‘nggi pardozlash, elektr, gaz, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish hamda isitish uskunalarini o‘rnatish yumushlari bajarilyapti. Mustaqillik bayrami arafasida yangi uyli bo‘ladigan M. Masharipova, o‘zi aytmoqchi, behad quvonchda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA