Ayni paytda Yaponiyada bo‘lib turgan Alfraganus universiteti vakillari “Kyoto Minsai” yapon tili maktabi rahbariyati bilan uchrashdi.
2001 yilda tashkil etilgan ushbu maktabning ikkita filiali bo‘lib, talabalar uzoq va qisqa muddatli kurslarda tahsil oladilar. Til maktabida yaponlarning madaniyati va an’analari, kundalik hayoti haqida ham ko‘proq ma’lumotlar olishingiz mumkin. Eng iqtidorli talabalari uchun uch turdagi stipendiya ham joriy qilingan.
Ma’lumki, Alfraganus universitetida yapon tili yo‘nalishi ham mavjud bo‘lib, tomonlar aynan yapon tilini o‘rgatish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik kelishuvini imzoladilar.
Ya’ni, Alfraganus talabalari Yaponiyaga borib o‘qishini davom ettirish, yapon o‘qituvchilari esa O‘zbekistonga kelib dars o‘tish imkoniyati yaratilmoqda.
O‘zA