Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘rilishi belgilanmoqda. Shuningdek, alohida hollarda Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar Oliy sudning Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishi hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari ushbu o‘zgartishlarning mohiyati hamda ahamiyati borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ularning fikricha, qonun kuchga kirsa, iqtisodiy sudlar faoliyatida sifat o‘zgarishlari yuz berishi uchun huquqiy asos yanada mustahkamlanadi, adolat va qonun ustuvorligiga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, xalq vakillari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA