Betakror zaminimizda 130 dan ziyod millat, elat vakillari o‘zaro tinch, ahil yashab kelmoqda. Ularning qalblaridagi shukronalik, Vatanga, el-yurtimizga cheksiz muhabbat tuyg‘usi “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlarida yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Turli millat vakillariga nisbatan kuchli ishonch, cheksiz hurmat-e’tiborning amaldagi isboti sifatida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yildan buyon diyorimizda ushbu sana katta bayram sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Bu yilgi tadbirlar har qachongidan o‘zgacha – fayzli, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan 27-30 iyul kunlari “Do‘stlik festivali” o‘tkazildi.
To‘rt kun davom etgan anjuman “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert bilan nihoyasiga yetdi.
Poytaxtimizdagi Markaziy bog‘da tashkil etilgan dasturda taniqli, iste’dodli xonandalarimiz, Milliy madaniy markazlar havaskor guruhlari ishtirokida gala-konsert namoyish etildi.
Ta’kidlanganidek, “Do‘stlik” festivali millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli xalqlar madaniyatini namoyish etish, xorijiy mamlakatlar, jumladan, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch muhitini yanada yaxshilash, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega.
Bu yilgi tadbirlarda, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etdi. Quvonarlisi, festival yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalashga, shuningdek, samimiy do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Konsertda estrada xonandalari, milliy madaniy markazlar havaskor jamoalari tomonidan Vatan, ona, muhabbat, tinchlik, bag‘rikenglikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Go‘zal Sattorova,
Muhammad Amin (surat), O‘zA