Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda davlat mulkini xususiylashtirish sohasi davlat mustaqilligining ilk yillarida qabul qilingan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, tarmoq va sohalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlardan tashqari yana 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solib kelinmoqda.

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini to‘liq qamrab oladigan yagona qonun hujjati mavjud emas. Qonun tashabbuskorlarining fikricha, sohadagi jarayonlarni tartibga solish bilan bog‘liq qonunosti hujjatlarining ko‘pligi, ular o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi sababli ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, shu jumladan mulkiy majmualar, davlat ulushlari xususiylashtiriladigan davlat mulki ob’ektlari hisoblanishi hamda davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan xususiylashtirilmaydigan davlat mulkidan tashqari, davlat mulki to‘liq yoki qisman xususiylashtirilishi aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Yig‘ilishda xalq vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan yagona qonun hujjati ishlab chiqilishi bugungi kun zarurati ekanini, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali sohadagi qonunosti hujjatlaridagi ziddiyatli vaziyatlar bartaraf etilishini ta’kidladi.

Muhokamalar davomida qonun loyihasi yuzasidan taklif va tavsiyalar berilib, qo‘llab-quvvatlandi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA