Mamlakatimizda dunyoning turli nuqtalaridan kelayotgan sayyohlar oqimi tobora oshmoqda. Sababi oddiy, turizm tarmog‘i rivojlanmoqda, xizmat ko‘rsatish sifati o‘sib, aholining turmush darajasi yuksalmoqda.

Bunda tijorat banklari ishbilarmonlarning eng ishonchli moliyaviy manbai va hamkoriga aylanayotgani e’tiborga molik. Birgina misol, yurtimizning Farg‘ona viloyati so‘lim tabiati, mehmonnavoz xalqi, o‘ziga xos yashash tarzi, hunarmandchilik qadriyatlari va an’analari bilan xorijliklar e’tibori markazida. Shu bois aynan mazkur hududning turistik salohiyati va imkoniyatlari yanada kengayib borayotganini kuzatish mumkin.

Xususan, “Rohat baraka servis” MCHJ ga O‘zmilliybankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi tomonidan besh qavatli 100 o‘rinli mehmonxonani jihozlash maqsadida 2018 yilda 700 million so‘mlik kredit mablag‘i ajratilgan edi. 2021 yilning yakuni bilan ishga tushirilgan ushbu loyiha natijasida 15 yangi ish o‘rni tashkil etildi. Asosiysi, besh qavatli binoning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda restoran bo‘lsa, qolgan qavatlari mehmonxona binosidan iborat.

– Xalqimiz mehnatsevar, hunarmand va mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Shu bois yildan-yilga sayyohlar soni oshib, mehmonxona xizmatiga bo‘lgan talab ortib bormoqda, – deydi muassasa rahbari Nasriddin Jamoliddinov. – So‘nggi paytlarda ichki turizmning rivojlantirilishi hisobiga ham xizmatlar sohasini viloyatda yanada o‘sishiga turtki bo‘lyapti. Bu esa o‘z-o‘zidan tadbirkorlar uchun yangi rejalar tug‘ilishi va yangi maqsadlarni amalga oshirish imkonini yuzaga keltirmoqda. Biz ham avvaliga o‘z mablag‘imiz hisobidan kichikroq mehmonxona xizmatini rejalashtirgan bo‘lsak, O‘zmilliybank ajratgan kredit bilan loyihamizni yanada kengaytirdik. 100 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxonamiz bugun 24 soat sayyohlar xizmatiga shay.

Hududda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘p. Masalan, xorijdan kelgan sayyohlar uchun nafaqat mehmonxona, shu bilan birga, yo‘lovchi tashish xizmati ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois “O‘zmilliybank” Farg‘ona viloyati bosh boshsarmasi tomonidan “Yolovchi tashuvchi” MCHJ nomiga 2021 yilda ishlab chiqarilgan 8 dona “Gaz – A65R33-60” rusumli yo‘lovchi tashish avtotransport vositasini sotib olishi uchun 1 984 000.000 so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 14 yangi ish o‘rni yaratildi.

Ta’kidlash joiz, bugun Farg‘ona viloyatida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun o‘ziga xos turistik infrastruktura tashkil etilgan. Shundan har bir fasli betakror bu hududdan turistlarning qadami uzilmaydi. Asosiysi, vodiylik ishbilarmonlar bu borada yangidan yangi imkoniyatlarni izlamoqda. O‘zmilliybank esa bu borada tadbirkorlarning eng ishonchli moliyaviy hamkori sifatida hududning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotida munosib ulush qo‘shmoqda.

“O‘zmilliybank”AJ

Matbuot xizmati

O‘zA