Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatining joriy yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi birlashtirildi. Bugungi kunda tizimdagi 10 ming 296 ta maktab va 29 ming 420 bog‘chada 8,5 million nafarga yaqin tarbiyalanuvchi va o‘quvchi tahsil oladi. Unga salkam 700 ming nafar pedagog ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. Ta’limda global hamkorlik, UNICEF, UNESCO, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Shu kunga qadar 60 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, 36 ta to‘liq kunlik tayyorlov guruhlari joriy qilindi. 647 ming 655 nafar 6 yoshli bolalar (90 foiz) maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinib, shundan 186 ming 881 nafari (7 ming 499 ta guruh) majburiy bepul bir yillik boshlang‘ich ta’limga tayyorlov guruhlariga, 380 ming 544 nafari (10 256 ta) to‘liq kunlik tayyorlov guruhlariga, 80 ming 230 nafari (3 ming 210 ta) qisqa muddatli tayyorlov guruhlariga qamrab olindi.
Bugungi kunda umumiy quvvati 56 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ming 624 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi. Jahon banki, PIU, UNICEF kabi xalqaro tashkilotlar birgalikda Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 40 soatga mo‘ljallangan qisqa muddatli malaka oshirish kursi o‘quv dasturi ishlab chiqildi.
Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda 28 nafar maktab o‘qituvchisi hamda liderlari uchun tashkil etilgan PDQ dasturi bo‘yicha kurs o‘tkazilib, 10 nafar pedagog Cambridge Assessment tashkilotining (PDQ) xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.
Mahalliy fan olimpiadalarida respublika bo‘yicha barcha fanlardan jami 1,15 million o‘quvchi ishtirok etdi. Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 8 ta oltin, 24 ta kumush, 31 ta bronza jami 63 ta medalni qo‘lga kiritdi. Mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 6 ta oltin, 23 ta kumush, 23 ta bronza jami 52 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida (Xalqaro kimyo olimpiadasi (ICHO) 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza, Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO) 3 ta bronza, Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) 3 ta bronza, Xalqaro fizika olimpiadasi (IPHO) 1 ta bronza medallari) jami 11 ta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazish, masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan Masofaviy ta’lim platformasi axborot tizimiga joylashtirilgan maktab o‘quv dasturiga tegishli video kontent 20 ming 452 taga, taqdimot 6 ming 372 taga va 1-4-sinf o‘quvchilari uchun 3D animatsion va multiplikatsion kontentlar 738 taga yetkazildi. Foydalanishda qulaylik yaratish uchun tizimning mobil versiyalari ham ishga tushirildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA