FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida bugungi kunda 80 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda jami 12 ming 300 dan ziyod bola tarbiyalanmoqda. Tumanda kichkintoylarni bog‘chaga qamrab olishga bo‘lgan talab esa hamon yuqori. Shu bois tuman hokimligi va hamkor tashkilotlar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yanada kengaytirishga va ularning sonini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

«Yoshlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasining yangi bunyod etilayotgan qo‘shimcha binosi yana 90 nafar bolajonni maktabgacha ta’limga qamrab oladi. Qurilish ishlari «Tuproqqal’a maxsus qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan jadal tarzda olib borilayotir.

– Ayni vaqtda maktabgacha ta’lim muassasasining yangi ikki qavatli binosi bunyod etilmoqda, – deydi qurilish korxonasining bosh muhandisi Baxtiyor Yo‘ldoshev. – Bunyodkorlik jarayonida 45 nafar ishchi samarali mehnat qilayotir. – Hozirda imoratning ikkinchi qavatida g‘isht terish, birinchi qavatida esa suvoq, elektr energiya, ichimlik suvi tarmoqlarini o‘rnatish kabi ishlar bajarilmoqda. Yangi bino mamlakatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA