Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qora dengiz tashabbusining kelgusi taqdirini muhokama qilish mqsadida shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Ukraina bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi, dedi kuni kecha tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlar bilan uchrashuvda.

O‘tgan hafta don bo‘yicha kelishuv to‘xtatilishi xalqaro hamjamiyat xavotiriga sabab bo‘ldi, chunki Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT o‘rtasida erishilgan mazkur bitim Ukraina bug‘doyining dunyo bozoriga chiqishini ta’minlab kelayotgan edi. Agar ushbu kelishuv amal qilmaganda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa Afrikada shundoq ham keskin bo‘lib turgan oziq-ovqat muammosi yanada chuqurlashgan bo‘lardi.

Ma’lumki, Ukraina dunyo bozorini bug‘doy, makkajo‘xori va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydigan yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi.

Don kelishuvi to‘xtashi qator mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligini tahdid ostida qoldiradi. Masalan, Afrikada oziq-ovqat narxi allaqachon ko‘tarila boshladi. Zimbabve va  Ruandada anchayin achinarli holat yuzaga kelgan. Oziq-ovqat qimmatlashuvi mamlakatda inflyatsiya ko‘rsatkichini ham ko‘tarib yubordi.

Rossiyalik ekspertlar ta’kidlashicha, narx tez o‘sishi Lotin Amerkasi, Karib havzasi va Sahroi Kabirning janubiy qismidagi davlatlarda tezlashadi. Ayrim mamlakatlarda oziq-ovqat narxi o‘sish sur’ati, hatto, uch xonali sondan ham oshgan. Bu borada 2022 yil 285 foizlik ko‘rsatkich bilan Zimbabve yetakchilik qildi. Inqiroz Livan (142,9), Argentina (95), Turkiya (76,8), Gana (59,7), Shri-Lanka (59,3), Ruanda (59,2)da ham qayd etildi.

Don bitimi 18 iyulda to‘xtatildi, dushanba kuni RF don kelishuvi davom ettirilmasligidan Turkiya, Ukraina va BMTni xabardor qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ta’kidlashicha, bitimning Rossiyaga tegishli sharti bajarilmagan. Shuningdek, Putin bir necha bor Ukraina bug‘doyining katta qismi G‘arb davlatlariga ketganini aytdi. Kelishuvdan ko‘zlangan maqsad esa, aslida, bug‘doyni ehtiyojmand mamlakatlar, xususan, Afrika mintaqasiga yetkazish edi. Afsuski, aynan shu shart bajarilmagan.

Oziq-ovqat va o‘g‘it narxi qimmatlashishi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)da ham jiddiy xavotir tug‘dirmoqda. Zero, “narx oshishi kam daromadli xo‘jaliklar uchun muammo chiqaradi”, deydi XVJ taqsimlovchi direktori Kristalina Georgiyeva.

Ayni dam, don tashabbusi to‘xtatilgandan keyin, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainadan chiqayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z hududi orqali  tashishni yanada faollashtirish ustida bosh qotirmoqda.

Avvalroq Yevrokomissiya vakili “RIA Novosti”ga intervyu berib,don bitimi harakatdan to‘xtagach, Ukrainaga qo‘shni mamlakatlar bilan bug‘doy tashish yo‘nalishini ko‘paytirish yo‘lida faol ish olib borilayotganini ma’lum қилди.

– Katta miqdordagi don mahsulotlarini tashish uchun dengiz yo‘lidan tashqari birdamlik yo‘nalishi ham mavjud, – deydi Yevrodiplomatiya rahbari Jozep Borrel. – Dengiz yo‘li yopilar ekan, biz Ukraina bug‘doyini eksport qilish uchun o‘z portlarimiz imkoniyatini kengaytirishimiz kerak. Bu Ukraina qo‘shnilaridan jadal sa’y-harakatni talab etadi. Ushbu mamlakatlar o‘z chegarasini kattaroq ochishi, don tashilishiga qulaylik yaratishi lozim. Bu borada ko‘p ish qilindi, lekin hali qilinadigan ish ko‘p.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada hozir 32 million tonna g‘alla to‘sib qo‘yilgan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Bryusselda Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi boshlanishidan oldin, Moskvaning g‘alla bitimidan chiqishini izohlar ekan, “so‘nggi oylarda butun dunyo uchun juda zarur bo‘lgan 32 million tonna g‘alla Ukrainada qolib ketmoqda” dedi. Bu kichkina raqam emas. Qolaversa, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning quyidagi, ko‘rfaz mamlakatlari bo‘ylab safaridan qaytgach, jurnalistlarga aytgan gaplari ham masala o‘ta jiddiy ekaniga ishora:

– Qora dengiz g‘alla tashabbusi to‘xtatilishi bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan, jahon oziq-ovqat narxi ko‘tariladi, ba’zi mintaqalarda ocharchilik, yangi migratsiya to‘lqinini yuzaga keladi. Biz bunday tashvishli holatning oldini olishda yetakchilik qilishdan qaytmaymiz. Binobarin, G‘arb davlatlari ham ayni masalada chora ko‘rishlari kerak. Qora dengiz g‘alla tashabbusi tufayli biz 33 million tonnadan ziyod oziq-ovqat yetkazib berilishini ta’minladik va global pandemiya hamda iqtisodiy inqirozdan keyin kelib chiqqan oziq-ovqat inqirozining oldini oldik.

S.Rahimov, O‘zA