“New York Times” gazetasi Pentagon vakiliga tayanib yozishicha, Ukraina minglab askarlarini jangga tashlagan.
“Ukraina qarshi hujumning asosiy zarbasini boshladi, zaxirada turgan minglab harbiy xizmatchilar jangga tashlangan, ularning ko‘pchiligi g‘arb mamlakatlarida tayyorgarlikdan o‘tgan”, – deyiladi xabarda.
Gazeta boshqa manbalarga tayanib ta’kidlashicha, agar hammasi muvaffaqiyatli kechsa, amaliyot bir haftadan uch haftagacha davom etadi.
Shuningdek, “Washington Post” Amerika mulozimi so‘zlariga tayanib yozishicha, hozircha “ushbu qadamning maqsadi noaniq”.
“Ukrainaning ushbu harakati muhim qadam ekanligiga hozircha ishonch yo‘q”, – degan ushbu mansabdor.
Ukraina qarshi hujumi 4 iyunda Janubiy Donetsk, Artyomovsk va, birinchi navbatda, Zaporoje yo‘nalishida boshlangan edi. Kiyev jangga NATO tayyorlagan va g‘arb mamlakatlari harbiy texnikasi, jumladan, “Leopard” tanklari bilan ta’minlangan brigadani tashlagan.