Kecha AQSH 46-Prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden prokurorlar bilan kelishuvi barbod bo‘lgach, soliq jinoyati bilan bog‘liq aybini tan olishdan bosh tortdi. Sudya Meriellen Noreyka kelishuv shartidan xavotir olib, sud jarayonini to‘xtatdi, deb yozgan “AP” agentligi.
Xabarda aytilishicha, sud majlisida advokatlar va sudya o‘rtasidagi kelishuv ayblanuvchini kelajakdagi ayblovlardan himoya qila oladimi, degan savol kelib chiqqan. Shundan so‘ng Bayden qurol saqlash ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchun soliq jinoyati bo‘yicha aybini tan olmasligini aytgan.
Avvalroq kichik Bayden 2017 va 2018 yillarda 100 ming dollardan ortiq soliq to‘lamagani to‘g‘risidagi ikki jinoyatini tan olgan. Ayblanuvchiga, shuningdek, giyohvand moddalar qo‘llash, o‘q otar qurol saqlash aybi ham qo‘yilgan. Ayni bandlar bo‘yicha u tergov bilan “sudgacha kelishuv tuzishga rozi”, biroq rasman bu ayblovlarni tan olmadi.
Darvoqe, AQSH Adliya vazirligi ilk bor amaldagi davlat rahbarining o‘g‘liga qarshi ayblov e’lon qilgan.