Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yarim yillikdagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar, sport sohasida erishilgan yutuqlar va oldindagi yirik musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 5 noyabrdagi “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi karoriga asosan, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiyalari (uyushmalari), mas’ul vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi olti oy davomida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish borasida yaratib berilgan yangi tizim asosida Milliy olimpiya qo‘mitasining buyrug‘i va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi hamda ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, har bir Olimpiya sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoa sportchilarini Xanchjou – 2022 Osiyo o‘yinlari va Parij – 2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash strategiyasi ishlab chiqildi.

Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan reja va vazifalarga binoan xorijiy davlatlarning tajribasidan unumli foydalanish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida 21 ta sport turi bo‘yicha 16 ta davlatdan 38 nafar malakali trener-mutaxassislar taklif etildi.

 

Bo‘lajak Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida 2023 yilning I yarmida Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)larning ish-rejalariga asosan uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki ta’minlandi.  Jumladan, o‘tgan I yarim yillikda rejaga muvofiq Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan 25 ta Olimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari 116 ta mahalliy va 51 ta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, 103 ta xalqaro turnir va musobaqalarda qatnashdi. Mazkur nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan sportchilar jami 196 ta (68 ta oltin, 57 ta kumush va 71 ta bronza) medallarni qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, turli sport turlari bo‘yicha terma jamoa sportchilari ushbu davr mobaynida eng nufuzli hisoblangan musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsa, ayollar boksi bo‘yicha Hindistonda o‘tgan jahon chempionatida Navbahor Hamidova bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, taekvondo WT bo‘yicha Ozarbayjonda o‘tkazilgan  dunyo birinchiligida 1 ta kumush va 3 ta bronza, ushbu sport turi bo‘yicha Rimda o‘tgan Gran-prida terma jamoasi 1 tadan oltin va kumush medalga ega chiqib, 8 yillik tarixiy natijani qo‘lga kiritdi,  dzyudo bo‘yicha Doha shahrida o‘tkazilgan dunyo chempionatida 2 tadan kumush va bronza medallarini misol tariqasida keltirish mumkin.

Bundan tashkari, O‘zbekistonda bir qator nufuzli xalqaro sport tadbirlari, seminar-treninglar va o‘quv kurslari yuqori saviyada o‘tkazildi. Jumladan, mart oyida mamlakatimizda o‘tgan futbol bo‘yicha U-20 yosh toifasida Osiyo chempionatida ishtirok etgan terma jamoamiz barcha raqiblarini mag‘lub etib, ilk bor ushbu yosh toifasida chempionga aylandi.

Poytaxtimizda 2-9 mart kunlari  30 davlatdan tashrif buyurgan 800 nafar sportchilar ishtirokida o‘tgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatida Milliy terma jamoa a’zolari jami 12 ta (7 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi. Shu kunlari Toshkentda  dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri tashkil etilib, unda 49 ta davlatdan 364 nafar sportchilar ishtirok etdi va musobaqada polvonlarimiz 7 ta (3 ta oltin, 1ta kumush va 3ta bronza) medalga sazovor bo‘ldi.

Mamlakatimizda nafaqat poytaxtimiz balki turli viloyatlarda ham yirik sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri Namanganda velotrek bo‘yicha xalqaro musobaqa tashkil etilib, unda 10 ta davlatdan 120 nafar sportchilar qatnashdi. Terma jamoamiz turnirda jami 36 ta (12 ta oltin, 14 ta kumush va 10 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi.

Aprel oyida Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi o‘tkazilib, 31 davlatdan 105 nafar sportchilar o‘rtasida umidli gimnastikachilarimiz yakkalik va jamoaviy dasturlarda kumush va bronza medallariga ega chiqdi. Shuningdek, 26-30 aprel kunlari baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U-18 va U-23 Osiyo chempionati tashkil etilib, unda 40 ta davlatdan 400 nafar sportchilar ishtirok etdi. Ushbu Osiyo chempionatida terma jamoamiz jami 63 ta (30 ta oltin, 19 ta kumush va 14 ta bronza) medalga sazovor bo‘ldi. Aprel so‘ngida poytaxtimiz yengil atletika bo‘yicha U-18 Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Chempionatda 40 ta davlatdan 524 nafar sportchilar ishtirok etdi. Atletlarimiz, keskin va murosasiz o‘tgan bahslarda jami 12 ta (3 tadan oltin hamda kumush va 6 ta bronza) medallarni qo‘lga kiritdi.

May oyida Toshkent shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati tashkil etilib, 107 mamlakatning 600 nafar bokschilari ishtirokida janglar o‘tkazildi. Dunyo birinchiligida yengilmas bokschilarimiz 5 oltin, 2 tadan kumush va bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatida veloshosse yo‘nalishida o‘tgan xalqaro turnirda 7 davlatdan kelgan 100 nafar velopoygachi o‘zaro raqobatlashdi va sportchilarimiz 4 oltin va bronza hamda 3 kumush medalga ega chiqdi. O‘tgan oyda Samarqand shahrida triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazilib, unda 20 ta davlatdan 34 nafar sportchilar ishtirok etdi. Ushbu musobaqada termamiz 1ta bronza medalini keltirdi.

O‘tgan davr mobaynida Xalqaro sport tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida, bir qator xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro sport tashkilotlari vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ular Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati tomonidan munosib kutib olindi.

Shuningdek, sportchilarimizni salomatliklarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Sport tibbiyoti yo‘nalishida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (Tibbiyot markazi) tomonidan xorijiy davlatlarning tajribalaridan kelib chiqib, sportchilarni davolash bo‘yicha har bir sport turi uchun alohida klinik protokollar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Tibbiyot markazida so‘nggi olti oy davomida 540 nafar sportchilar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ha, o‘tgan olti oy sport sohasida ko‘plab, yuksak natijalarga boy o‘tdi. Katta g‘alabalar oldinda turgan musobaqalarga muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz. Biroq yuqori natijalardan ruhlanib oldindagi musobaqalarga tayyorgarlikni susaytirish hech qanday manfaat olib kelmaydi. Shu boisdan Milliy olimpiya qo‘mitasi oldinda turgan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish borasida muhim vazifalar ishlab chiqdi va uni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda.

Jumladan, kelgusi olti oy davomida sportchilarimiz bir qator muhim sport tadbirlarida ishtirok etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ilk muhim musobaqa 28 iyul – 8 avgust kunlari Xitoyning Chendu shahrida XXXI yozgi Universiada o‘yinlari bo‘ladi va unda 7 sport turi bo‘yicha 70dan ortiq sportchilarimiz medallar uchun kuch sinashadi. Shuningdek, sportchilarimiz 4-14 avgust  Belarus mamlakatida II MDH o‘yinlari, 23 sentyabr – 8 oktyabr – Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.

– Ha, bu yilgi eng muhim musobaqalar yuqorida sanab o‘tilgan sport tadbirlaridir. Ular orasida asosiy musobaqa bu shubhasiz Osiyo o‘yinlaridir, – deydi MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov. – Shu bois ham sportchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jarohatlardan saqlash, ularning yuqori sport formasini Osiyo o‘yinlariga tayyorlab borish maqsadida Universiada o‘yinlariga unga asosiy tarkib vakillari jalb etilmadi. Shuningdek, II MDH o‘yinlarida ham barcha davlatlar yosh atletlar bilan tashrif buyuradi. Bu musobaqalar yosh sportchilarimizning imkoniyatlarini ko‘zdan kechirish uchun ayni muddao. Delegatsiyamiz Belarus shaharlarida o‘tadigan o‘yinlarda 22 ta sport turi bo‘yicha 300 nafardan ortiq atlet bilan qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Anjuman so‘ngida Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari 2023 yildagi asosiy musobaqa bu Xanchjou – 2022 Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 33 ta sport turida 400 nafardan ziyod sportchi bilan qatnashishi rejalashtirilgani, musobaqada bir qator sport turlarida Parij – 2024 Olimpiadasi yo‘llanmalari, reyting ochkolari o‘ynalishi bois unga bo‘lgan ahamiyat yanada ortishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida birinchi bor bunday katta tarkib bilan Osiyo o‘yinlariga borishi 400 nafar sportchidan tashqari 200 nafarga yaqin murabbiylar, shifokorlar, OAV xodimlari va mutaxassislarni olib ketishi haqida alohida qayd etdi.

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad AMIN (surat), O‘zA muxbiri