Qozog‘iston hukumati 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan “Soya” iqtisodiyotiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi. Hujjat Moliyaviy monitoring agentligi tomonidan manfaatdor davlat idoralari bilan birga ishlab chiqilgan. Tegishli qarorni Bosh vazir Alixan Smailov imzoladi.

Rejada soliq va bojxona ma’muriyatini takomillashtirish, samarali raqobat va byudjet taqsimotini ta’minlash, aholini noqonuniy tadbirkorlikdan himoya qilish singari maqsadlarga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayon bojxona tekshiruvi samaradorligini oshirish, bojxona tartib-taomilini optimallashtirish imkonini beradi. Hujjatdan ma’muriy huquqbuzarlikka oid qo‘shimcha chora-tadbirlar ham o‘rin olgan.

Axborotda keltirilishicha, 2025 yilga borib ulgurji va chakana savdodagi soya aylanmasi 5 foizgacha qisqarishi lozim. 2022 yil bu ko‘rsatkich 6,7 foizni tashkil etgan. Transport va ombor xo‘jaligi sohasida 2,4 foiz ko‘rsatkichga erishish rejalashtirilgan.

Mazkur rejani amalga oshirishda norasmiy bandlikni qisqartirish va noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish ham nazarda tutilgan. Kichik va o‘rta biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2022 yildagi 36 foizdan 2025 yilda 37,5 foizga ko‘tarish maqsad qilingan.

O‘zA