O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning “Roma” jamoasidan “Kalyari” safiga o‘tish ehtimoli borligi haqida xabar bergan edik.
Kecha hamyurtimiz Eldor Shomurodov “Kalyari” jamoasining sport bazasiga kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. “Kalyari” Shomurodovni 9 million yevro evaziga sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga olgani, ijara summasi 1 million yevroni tashkil etgani tasdiqlandi.
Shomurodovning “Kalyari”dagi ijara muddatida maoshining yarmini “Roma” to‘laydi. Agar hujumchi to‘laqonli sardiniyaliklar safiga o‘tsa, 2027 yilgacha shartnoma imzolanadi.
Aytish lozim, Shomurodov Italiya “A” seriyasining yakunlangan mavsumida 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi.
“Men yangi sarguzashtlarga tayyorman. “Kalyari”ga kelganimdan juda xursandman” deya ta’kidlagan Eldor Shomurodov.
O‘zA