Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev xavfsizligini ta’minlash funksiyasi Davlat qo‘riqlash xizmati (DQX) vazifalari ro‘yxatidan chiqarildi. Ayni qaror Respublika huquqiy axborot portalida e’lon qilingan Prezident Qosim-Jomart Toqayevning yangi tahrirdagi farmonida keltirilgan. Hujjat 4 avgustdan kuchga kiradi.
Avvalgi tahrirda DQX “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi, boshqa muhofaza etiladigan shaxslar, ob’ektlar xavfsizligini taminlash buyicha himoya choralarini” amalga oshiradi, deyilgan. Yangi versiyada esa birinchi prezident haqidagi qism olib tashlangan. Bunga Nazarboyev, uning oila a’zolari maqomi va imtiyozlarini tartibga soluvchi “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi ilgari amalda bo‘lgan konstitutsiyaviy qonun bekor qilinishi asos bo‘ldi.
31 may kuni mamlakat parlamenti Majilisi (quyi palatasi) deputati Snejanna Imasheva deputatlar Elboshini haqorat qilganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi moddani Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi tuzatish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
DQX – Qozog‘iston Prezidentiga bevosita bo‘ysunuvchi va hisobdor maxsus davlat organi bo‘lib, birinchi shaxs va muhim ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.