Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Kiyev Qrim ko‘prigiga zarba berishda davom etadi, dedi “CNN” efirida ko‘prikni to‘liq ishdan chiqarish rejasi haqida berilgan savolga javob berarkan.

17 iyul kuni tunda Ukrainaning suv yuzasida harakatlanadigan dronlari Qrim ko‘prigiga hujum uyushtirdi. Natijada ikki kishi halok bo‘lgan, avtomobil harakatlanadigan yo‘lak zarar ko‘rgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu hujum uchun javobgarlik Kiyev zimmasida ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Qrim ko‘prigi orqali harbiy yuk, allaqachon, tashilmay qo‘ygan.

– Raqibning logistika yo‘lagini vayron qilish maqbul taktika hisoblanadi, chunki qurol-aslaha, yoqilg‘i, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar tashish imkoniyatiga chek qo‘yish muhim, – dedi Reznikov. – Shuning uchun ham biz ayni taktikadan foydalanamiz.

Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Aspen institutida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha anjumanda Qrim ko‘prigi “yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan” nishon ekanini ta’kidlagan.