Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar idorasi rahbari Jozep Borrel Ukrainaga to‘rt yil davomida har yili 5 milliarddan, jami 20 milliard yevro ajratishni taklif qildi. Mazkur mablag‘ Yevropa tinchlik jamg‘armasidan harbiy yordam sifatida ajratiladi.

Borrel ta’kidlashicha, bu Ukrainaga nisbatan xavfsizlik sohasida uzoq muddatli majburiyatdan dalolat bo‘lib, ayni masala Yevroittifoq vazirlarining Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan norasmiy uchrashuvida batafsil muhokama qilinadi.  

2021 yil mart oyida tashkil etilgan mazkur byudjetdan tashqari jamg‘arma (European Peace Facility – EPF) mojarolarni bartaraf qilish imkoniyatini oshirish va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.

O‘tgan yil tuzilma ushbu jamg‘armadan Ukrainaga yordam berayotgan a’zo davlatlarga kompensatsiya ajratish uchun foydalangan edi. YeI diplomatiyasi rahbari avvalroq Bryussel Ukrainani ziddiyat tamom bo‘lgandan keyin ham qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, deya bayonot bergan. Qo‘shimcha qilinishicha, Ukraina armiyasini modernizatsiya qilish hamda harbiy xizmatchilar tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakat to‘xtamasligi kerak.