FOTOREPORTAJ

Avval xabar qilganimizdek, poytaxtimizdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuida yoshlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.

Qizlar o‘rtasida o‘tgan “O‘zbekiston-1” hamda “O‘zbekiston-2” jamoalari o‘rtasidagi bahs juda qizg‘in tus oldi. Mahorat bobida tengdoshlaridan ustun ekanligini o‘yinda namoyon eta olgan “O‘zbekiston-1” jamoasi tengdoshlarini 3:0 hisobida mag‘lub eta oldi. Qozog‘iston va Tojikiston qizlari o‘rtasidagi bellashuv tomoshabinlarning gulduros qarsaklari hamda qo‘llab-quvvatlovchi hayqiriqlari bilan bo‘linib turdi. 1-bo‘limda qozog‘istonliklarning qo‘li baland keldi 25:9, keyingi ikki bo‘limda ham qozoq qizlari ustunlikni saqlab qola bildi – 25:17, 25:20. Shunday qilib,   Qozog‘iston-Tojikiston 3:0 hisobida o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bahslar kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tdi. Birinchi bo‘lib Eron hamda Qozog‘iston voleybolchilari omadlarini sinab ko‘rdilar. Qozog‘istonlik yoshlar, qanchalik harakat qilishmasin, eronliklarga bas kela olmadi – Eron-Qozog‘iston 3:0. O‘zbekiston-Pokiston jamoalari o‘rtasida kechgan bahs keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun jon-jahdi bilan harakat qildi. Bahsning 5 bo‘limga cho‘zilgani ham bundan dalolat berib turibdi. 1-bo‘limni 25:17 hisobida ustunlik bilan yakunlagan voleybolchilarimiz 2-bo‘limda pokistonliklarga mag‘lub bo‘ldi – 15:25. Navbatdagi bo‘limda ham pokistonliklarning qo‘li baland keldi – 22:25. 4-bo‘limni shiddatkor hujumlari bilan boshlagan o‘smirlarimiz 25:21 hisobida g‘alaba qozonib, umumiy hisobni 2:2 ga yetkazishdi. So‘nggi hal qiluvchi bo‘lim qisqa bo‘lim hisoblanadi. Bunda hisob 15 gacha olib boriladi. Jamoa yakdil harakat qilib, g‘alaba uchun barcha imkoniyatni ishga sola bildi va natijada 15:12 hisobida pokistonliklarni mag‘lub etdi. Shunday qilib, O‘zbekiston-Pokiston 3:2.

O‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionati bahslari 19 iyulga qadar davom etadi.

Azimxon BOYXO‘JAEV (surat), O‘zA